Makron Putinga iltimos bilan murojaat qildi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanued Makron Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaning Mariupol shahrini qamal qilishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 18 mart kuni Putin bilan telefon orqali suhbat chog‘ida aytib o‘tgan, deb xabar berdi “France 24”.

Xususan, Fransiya Prezidenti Mariupol taqdiridan “o‘ta xavotirda” ekanini bildirgan.

Makron Putinni Mariupol qamalini to‘xtatish va shaharga gumanitar yordam kirishiga ruxsat berish, shuningdek, “o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga zudlik bilan hurmat ko‘rsatish”ga chaqirgan.

Kreml xabariga ko‘ra, Putin muloqot davomida Ukraina harbiylari har kuni ko‘plab harbiy jinoyatlarga qo‘l urayotganini aytgan. Bular qatorida u Donbass shaharlariga hujum uyushtirilayotganini keltirib o‘tgan.

Putin va Makron Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasidagi muzokaralarda vaziyatni ham muhokama qilgan. 

“Shu nuqtai nazardan, Rossiya tomonining mumkin bo‘lgan kelishuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha prinsipial yondashuvlari belgilab berildi”, deyiladi Kreml matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Xitoy raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qilib, rasmiy Pekinni Moskvaga yordam bermaslik haqida ogohlantirgani xabar qilingandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

116

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing