“Maxsus operatsiya”dan oldin Ukrainadan Rossiyaga hujum tayyorlangandi – Polyanskiy
Olam
−
10 may 2022
13554NATO Rossiyaga qarshi proksi urush olib bormoqda. Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy “maxsus operatsiya” boshida ukrainalik harbiylarning Rossiyaga zarba berish rejalari haqidagi hujjatlar topilganini ma’lum qildi. Bu haqda diplomat “Sky News” telekanali efirida ma’lum qildi.
“Hozir bizda NATO bilan proksi urush bor. NATO Rossiya bilan proksi urush izlamoqda. Bu biz duch keladigan haqiqat. “Maxsus harbiy operatsiya” boshida topilgan hujjatlar, dalillar, Ukraina hududidan Rossiyaga zarba berishning aniq rejalari, shuningdek, Donbassga zarba berishning aniq rejalari bo‘lganligini tasdiqlaydi”, degan Polyanskiy.
Diplomatning qayd etishicha, “maxsus harbiy operatsiya” oldindan berilgan zarba bo‘lgan. U bu urush BMT Nizomiga muvofiq boshlanganini ta’kidlagan.
“Biz buni BMT Nizomining 51-moddasiga to‘liq rioya qilgan holda qildik. Bu haqda BMTni xabardor qildik”, degan Rossiya Federatsiyasi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, BMTning o‘z Rossiyaning harakatlarini bir necha marta qoralab, zudlik bilan urushni to‘xtatishga chaqirdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi