MAGATE missiyasi shu hafta Zaporoje AESga yetib boradi
Olam
−
29 avgust 2022
4034Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi agentlikning Zaporoje AESga jo‘natish missiyasi shakllanganini va u shu hafta stansiyaga yetib borishini aytdi. Bu haqda Grossi Twitter’dagi sahifasida yozgan.
“MAGATEning qo‘llab-quvvatlash va yordam missiyasi allaqachon Zaporoje AESiga yo‘l olgan. Shu hafta oxirida stansiyaga yetib keladigan ushbu missiyaga rahbarlik qilayotganimdan faxrlanaman”, deb yozdi u bugun, 29 avgust kuni Twitter’da.
26 avgust kuni Ukraina MAGATEga Zaporoje AES sovutish va xavfsizlik funksiyalari uchun maydon tashqarisidagi quvvatdan foydalanish imkoniyatini saqlab qolgani va bitta reaktor bloki milliy tarmoqqa qayta ulangani haqida xabar berdi. ZAESning oxirgi ishlayotgan 750 kV tashqi elektr uzatish liniyasiga ulanishi kecha tushdan keyin qayta tiklandi, chunki Zaporoje AES kecha tushdan keyin bunday aloqani vaqtincha yo‘qotdi va zaxira quvvat bilan ta’minlaydigan yaqin atrofdagi elektr stansiyasiga ulandi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.
Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi