Saida Mirziyoyeva Rafael Grossi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
04 iyun 2723 2 daqiqa
Bugun, 4 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva MAGATE bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, oliy martabali mehmon Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasi qurilishining boshlanishi marosimida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

Muloqot davomida ushbu nufuzli tashkilot bilan milliy yadro energetikasi infratuzilmasini yaratish, yadroviy tibbiyotni rivojlantirish va soha uchun kadrlar tayyorlash borasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonda Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi tomonidan barpo etilayotgan AESning birinchi energobloki qurilishini boshlab berishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Ma’lumot uchun, tomonlar O‘zbekistonda atom quvvatini yaratish bo‘yicha hukumatlararo bitimni 2018 yilda imzolagan. Unda har birining quvvati 1,2 gigavatt bo‘lgan ikkita energoblok qurish ko‘zda tutilgan. 2025 yilda tomonlar har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan oltita kichik blok qurishga kelishib olgan, biroq keyinroq loyihani o‘zgartirishga qaror qilindi va 2026 yilning martida shartnomaga tuzatish kiritildi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, “Rosatom” O‘zbekistonda Rossiyaning VVER-1000 reaktorlari asosida ikkita yirik quvvatli energoblok va RITM-200 reaktorlari asosida har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita kichik atom bloklarini quradi. Ushbu stansiya Rossiya tomonidan xorijda qurilgan birinchi kichik quvvatli AES bo‘lishi mumkin.
Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoning beshta davlatidan hech birida AES mavjud emas. O‘tgan yilning iyun oyida Qozog‘iston mamlakatdagi ilk AES qurilishi uchun “Rosatom”ni xalqaro konsorsium rahbari sifatida tanlagan (unda Rossiya korporatsiyaning flagmani hisoblangan “3+” avlodga mansub VVER-1200 reaktoridan foydalanishni rejalashtirmoqda). Joriy yilning may oyida esa Moskva va Ostona quvvati 2,4 gigavatt, qiymati taxminan 16,5 milliard dollarni tashkil etishi mumkin bo‘lgan “Balxash” AESni qurish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolagan.
Live
Barchasi