Jahon yadro energetikasi quvvati 2060 yilga borib 3 baravarga ortadi – MAGATE

Olam

image

Jahon yadro energetikasi quvvati 2060 yilga borib uch baravarga ortadi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi (MAGATE) xabar berdi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, MAGATEning 70-sessiyasi bosh konferensiyasi doirasida MAGATE rahbari Rafael Mariano Grossi yadro energetikasini kengaytirish bo‘yicha yangi prognozlarni taqdim etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar elektr energiyasiga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojni qondirish va energetik xavfsizlikni ta’minlash uchun atom energiyasidan tobora kengroq foydalanmoqda.

Shu bilan birga, kichik modulli reaktorlar foydalanishdan chiqarilayotgan reaktorlarni almashtirishga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyoj fonida toza energiyaning muhim manbasiga aylanishi mumkin.

2025 yil oxiriga kelib, dunyoda 377,1 gigavatt elektr quvvatini ta’minlaydigan 413 ta yadroviy energetik reaktor ishlab turgan edi. Optimistik ssenariyda quvvat 2050 yilga borib 1 ming 45 gigavattga yetadi, so‘ngra 2060 yilga borib 1 ming 284 gigavattgacha o‘sadi. Bu 2025 yildagi darajadan taxminan 3,4 baravar yuqori degani.

“MAGATE prognozlari yadro energetikasining jahonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishdagi ortib borayotgan rolini ko‘rsatmoqda. Ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun yangi yadroviy quvvatlarga investitsiyalar kiritish va reaktorlarning foydalanish muddatini uzaytirish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi”, deydi Grossi.

Prognozga ko‘ra, dunyodagi yangi yadroviy quvvatlarning eng katta ulushi Markaziy va Sharqiy Osiyo hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mintaqada quvvatlar optimistik ssenariyda 2025 yildagi 114 gigavatt elektr quvvatidan 2060 yilga borib 407 gigavatt elektr quvvatigacha oshishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq MAGATE Shimoliy Koreyaning asosiy Yonbyon yadroviy majmuasida 28 tagacha sentrifuga kaskadini joylashtirish mumkin bo‘lgan yangi uran boyitish inshooti qurilgani haqida xabar bergan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing