Shimoliy Koreya uran boyitish yangi inshootini qurgan – MAGATE
Olam
−
13:03 643 2 daqiqa
Shimoliy Koreyaning asosiy Yonbyon yadroviy majmuasida 28 tagacha sentrifuga kaskadini joylashtirish mumkin bo‘lgan yangi uran boyitish inshooti qurilgan. Bu haqda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) xabar berdi.
Venada joylashgan agentlik hisobotida KXDRning bir nechta hududda yadroviy infratuzilmasini izchil kengaytirib borayotgani qayd etilgan.
MAGATE joriy yilning 28 avgust sanasidagi hisobotni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ochiq manbalardagi ma’lumotlar, jumladan, Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari tarqatgan fotosuratlar asosida tayyorlagan. Agentlik 2009 yildan buyon Shimoliy Koreyada inspektorlarga ega emas.
Mutaxassislar Yonbyondagi yangi ikki qavatli binoga e’tibor qaratgan. MAGATE uni majmuadagi uran boyitish bo‘yicha ikkinchi inshoot sifatida qayd etgan. Bu xulosa Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning iyun oyidagi tashrifi vaqtida davlat OAVlari e’lon qilgan suratlarni qurilish jarayonida olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan taqqoslash orqali chiqarilgan.
Hisobotda aytilishicha, tashrif vaqtida olingan fotosuratlarda asosiy binoning yuqori va pastki qavatlariga gaz sentrifugalari kaskadlari o‘rnatilgani ko‘rinadi. Yangi inshootda suratlarda aks etgan turdagi 28 tagacha sentrifuga kaskadini joylashtirish mumkin.
MAGATE, shuningdek, Pxenyan yaqinidagi Kangson uran boyitish majmuasida ham faoliyat kengayganini aniqlagan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda qurilgan qo‘shimcha binoda uran boyitish ishlari yanvar oyida boshlangan bo‘lishi mumkin.
MAGATE Shimoliy Koreya yadroviy dasturidagi ushbu o‘zgarishlar BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzishini bildirgan.
“Kangson va Yonbyondagi boyitish inshootlarining ishlashi hamda KXDRning qurol darajasidagi yadroviy material ishlab chiqarish quvvatini yanada kengaytirgani haqidagi xabarlar jiddiy xavotir uyg‘otmoqda”, degan MAGATE bosh direktori Rafael Grossi.
Hisobot Grossining agentlik Boshqaruvchilar kengashiga yo‘llagan bayonoti bilan bir vaqtda e’lon qilingan.
Pxenyan MAGATEning o‘z yadroviy dasturi bo‘yicha vakolatini bir necha bor rad etgan. Shimoliy Koreyaning Venadagi BMT huzuridagi vakolatxonasi o‘tgan yil sentyabrda mamlakatning yadroviy davlat maqomi “ortga qaytarib bo‘lmaydigan” holga kelganini bildirgan.
KXDR vakillari MAGATEning Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma – NPTdan tashqarida bo‘lgan yadroviy davlatning ichki ishlariga aralashishga qonuniy haqqi yo‘qligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Grossi Shimoliy Koreya yadroviy dasturi bo‘yicha yangi xavotirli ma’lumotlarni oshkor qilgandi.
Live
Barchasi