Lukashenko Ukraina bilan chegarada qo‘mondonlik tuzyapti

Olam

image

Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko mamlakatning janubiy yo‘nalishida yangi operativ qo‘mondonlik tashkil etilishini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“Afsuski, yangi yo‘nalish ochildi, biz aytayotgandek, yangi front. Bunga e’tibor bermay bo‘lmaydi. Biz bu haqda birinchi taxmin qilgandik, keyin Mudofaa vaziri yana bir tezkor qo‘mondonlik ochishni taklif qildi. Mamlakatimizning janubiy yo‘nalishida. Bu taklif o‘tgan yili berilgandi. Vaqt bizni shu qadar tez harakat qilishga undadiki, biz zudlik bilan ushbu operativ yo‘nalishni yaratishimiz kerak. G‘arbiy, shimoliy-g‘arbiy bilan bir qatorda janubiy qanot ham bo‘ladi”, deydi Lukashenko Mudofaa vazirligidagi yig‘ilishda. 

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ham Belarus harbiylari janubiy chegaralarni himoya qilish rejalarini yo‘l-yo‘lakay ham ishlab chiqishga majbur. Hozir Qurolli kuchlarning rotatsiyasi davom etmoqda – masalan, Belarus janubiga taktik guruhlar batalonlari va boshqa bo‘linmalar yuborilyapti.

“Biz bu rotatsiyani amalga oshirishimiz kerak, bu mening qat’iy talabim va bu borada bizning armiyamiz ishlaydi. Bu urush davri sharoitlari, ammo hozircha urushsiz”, deydi Lukashenko.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

20

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing