Lavrovning o‘gay qizidan tortib “Sberbank” rahbarigacha... Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
Olam
−
24 mart 2022
7685Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaning bir qancha banklari, kompaniyalari va mudofaa sektori korxonalarini “qora ro‘yxat”ga kiritdi. Bugun, 24 mart kuni yangilangan sanksiyalar ro‘yxatida qayd etilishicha, jami 59 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan cheklov choralari qo‘llanilgan.
Qayd etilishicha, “Sberbank” rahbari German Gref, bank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Vedyaxin va boshqaruv raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Lev Xasis, tadbirkorlar Oleg Tinkov va
Yevgeniy Shvidler, RF Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning kenja o‘g‘li Andrey “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.
Shuningdek, “Gazprom” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Oleg Aksyutin, “Rosneft” kompaniyasi birinchi vitse-prezidenti belgiyalik Dide Kasimiro, “Rosneft”ning ofshor loyihalari bo‘yicha vitse-prezidenti xorvatiyalik Jelko Rune va “Rosneft” rahbari Igor Sechinning o‘g‘li Ivan Sechinga nisbatan sanksiyalar joriy etilgan.
Cheklovlar Bosh vazir o‘rinbosari – Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Uzoq Sharq federal okrugidagi vakolatli vakili Yuriy Trutnev, Shimoliy-G‘arbiy, Ural, Volga va Sibir federal okruglaridagi vakolatli vakillar Aleksandr Gutsan, Vladimir Yakushev, Igor Komarov va Anatoliy Serishev, shuningdek, Mudofaa vaziri o‘rinbosari Dmitriy Bulgakovga tegishli.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning o‘gay qizi deb ataladigan Polina Kovaleva va Melitopol (Ukraina) meri vazifasini bajaruvchi Galina Danilchenko ham sanksiyalar ostida qolgan. Ta’kidlanishicha, bu shaxslarning Buyuk Britaniyaga kirishi taqiqlanadi va aktivlari, agar topilsa, muzlatiladi.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass joriy qilingan sanksiyalarni sharhlar ekan, London Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar ishlab chiqishni to‘xtatish niyatida emasligini ta’kidlagan.
Umuman olganda, joriy yilning 24 fevralidan boshlab, bugun e’lon qilingan qarorlarni hisobga olgan holda, Buyuk Britaniya mingdan ortiq rossiyalik siyosatchilar, biznesmenlar, amaldorlar, jurnalistlar va korxonalarga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki va Rossiyaning bir qator banklariga qarshi sanksiyalar joriy etildi, bir qator sanoat tarmoqlarida tovarlarni eksport qilish taqiqlandi, Britaniya osmoni Rossiya samolyotlari uchun yopildi, Rossiya kemalarining Britaniya portlariga kirishi taqiqlandi va ko‘plab xususiy kompaniyalar Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatib turishga yoki Rossiya loyihalaridan butunlay voz kechishga va ularga sarmoya kiritishdan bosh tortishga qaror qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi