Lavrov Ukraina bilan muzokaralarga nima to‘sqinlik qilayotganini aytdi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya va Ukraina mumkin bo‘lgan shartnoma loyihasi bo‘yicha deyarli har kuni videoaloqa orqali muzokaralar o‘tkazmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Xitoyning “Sinxua” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.  

“Muzokaralar kun tartibida denatsifikatsiya, yangi geosiyosiy voqelikni tan olish, sanksiyalarni bekor qilish, rus tilining maqomi va boshqa masalalar ham bor”, degan vazir. 

Lavrovning qayd etishicha, garchi ular yaxshi ketmayotgan bo‘lsa ham, Rossiya muzokaralarni davom ettirish tarafdori. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarga “jangari ritorika va Kiyevning g‘arbiy homiylarining g‘alayonli harakatlari” to‘sqinlik qilmoqda, bu esa “aslida uni “oxirgi ukrainalik qolguncha kurashish”ga, mamlakatga qurol-yaroq kiritishga va u yerga yollanma askarlarni yuborishga undaydi”.

Sergey Lavrov Qo‘shma Shtatlar va NATO davlatlarini o‘ylab ko‘rishga va Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirgan. 

“Ukraina xalqiga Stingers va Javelin’lar emas, balki shoshilinch gumanitar muammolarga yechim kerak. Rossiya bu ishni 2014 yildan boshlab amalga oshirmoqda”, degan u. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 29 aprel kuni Rossiya bilan muzokaralar jarayoni “juda sekin” kechayotganini va “har qanday suhbatni” to‘xtatish xavfi yuqori ekanligini aytgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

22

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing