Lavrov Putinni Gitlerga qiyoslagan Polsha rasmiylariga javob qaytardi

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Adolf Gitlerga qiyoslagan Polsha Prezidenti Anjey Dudaga o‘z mamlakati tarixini o‘rganishni maslahat berdi. Bu haqda TASS habar qildi.

“Bilasizmi, ko‘plab yevropalik, ukrainalik siyosatchilarning bayonotlarini sharhlash menga qiyin. Bunday fiklarni bildirgan Polsha va uning rahbarlariga o‘z tarixlarini va o‘sha voqealarni o‘rganishni maslahat berish yaxshiroqdir. Bu Polsha tarixiga asoslanadi”, deydi vazir jurnalistlarga.

Shuningdek, Lavrov Rossiya bilan muloqotni rad etayotgan Polshani Ukraina hududini faol ravishda o‘zlashtira boshlashda aybladi.

“Hozircha biz Rossiya bilan hech qanday muloqotga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqidagi gaplar ortida polshalik hamkasblar Ukraina hududini faol ravishda o‘zlashtirishni boshlaganini ko‘ryapmiz”, deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Adolf Gitler va Iosif Stalindan xavfliroq deb hisoblashini aytgan edi. 

“Putin Gitler yoki Stalin emas. Afsuski, u xavfliroq. Putin ixtiyorida nafaqat halokatli qurollar [bor], balki ommaviy axborot vositalaridan ham o‘z  targ‘ibotini tarqatishda foydalanadi”, degan edi Mateush Moravetskiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Gitler Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

71

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing