Kusherboyev prokuraturani ikkiyuzlamachilik qilmaslikka chaqirmoqda

Jamiyat

image
Toshkentda yana “snos”. Buni yoritishga borgan jurnalist prokuratura va ichki ishlar xodimlari tahdidiga uchradi north_east

Toshkentda yana “snos”. Buni yoritishga borgan jurnalist prokuratura va ichki ishlar xodimlari tahdidiga uchradi

BP Yunusobod prokuraturasi xodimi QALAMPIR.UZ jurnalisti faoliyatiga to‘sqinlik qilganini tasdiqladi north_east

BP Yunusobod prokuraturasi xodimi QALAMPIR.UZ jurnalisti faoliyatiga to‘sqinlik qilganini tasdiqladi

Fuqaro va jurnalistlar qonunni buzsa, qanchalik darajada  javobgar qilinayotgan bo‘lsa, javobgarlikka torttirish o‘z qo‘lida bo‘lgan idoralar ham o‘zlariga kelganda ikkiyuzlamachilik qilmasliklari kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev QALAMPIR.UZ jurnalistining faoliyatiga to‘sqinlik qilgan prokuratura xodimi javobgarlikka tortilmagan, uzr bilan qutilib qolayotganiga nisbatan bildirgan munosabatida so‘z ochgan. 

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 6 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ jurnalisti va tasvirchisi Toshkent shahar Yunusobod tumani 2-mavzesidagi do‘konlar binosi noqonuniy ravishda buzilayotgani bo‘yicha fuqarolar murojaati asosida faoliyat olib borish chog‘ida Yunusobod tumani prokurori sektori kotibi Ulug‘bek Azizov qarshiligiga uchragan edi. Unda Azizov OAV xodimlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilib, kemara xotirasidagi kadrlar o‘chirib tashlashni talab qilgani, agar o‘chirilmasa, ularni ichki ishlar bo‘limiga olib borish bilan tahdid qilgani, QALAMPIR.UZ jamoasi voqea joyidan bazo‘r qochib qolgani haqida aytilgan edi. 

Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganildi va ushbu voqea haqiqatan ham sodir bo‘lgani tan olindi. Biroq Azizov uzr bilan qutilib qoldi. U javobgarlikka tortilmadi va bu Yangi O‘zbekistonda jurnalistlarga nisbatan tahdid, bosim, tazyiq javobgarliksiz qolib ketayotganini yana bir namunasi sifatida qabul qilinmoqda. 

Deputat Rasul Kusherboyev mazkur voqeaga munosabat bildirarkan, prokuratura xodimi Umid Azizov Jinoyat kodeksining 206-moddasi bilan javobgarlikka tortilishi kerakligini aytadi. 

“Kuni kecha QALAMPIR.UZ internet nashri orqali Toshkent  shahrining Yunusobod tumanida sud qarorisiz bir qator ob’ektlar buzib tashlanayotgani holati yoritildi. 

O‘z mansab vakolati doirasidan chetga chiqib, qonuniy tartiblarga rioya qilmay fuqarolarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yayotgan prokuratura va ichki ishlar xodimlari jarayonni yoritayotgan jurnalistlarga to‘sqinlik qilishgan.

Keyinchalik Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha prokuratura xodimining jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilgani, buning uchun ushbu xodim bilan profilaktik suhbat o‘tkazilganini bildirgan. Ichki ishlar xodimlarining harakatiga hozircha baho berilmabdi. 

Yuqoridagi holatlar qurilish sohasida qonuniy tartiblarga rioya qilmaslik holatlari amalda davom etayotganligini ko‘rsatmoqda. Aslida bunday masalalar nizoli bo‘lganligi sababli sud tomonidan qonuniy baho berilishi shart. Chunki fuqaro ham o‘zicha haq, hokimlik yo boshqa idora ham.

Endi mavjud qonunlarga qarasak, prokuratura va ichki ishlar xodimlariga fuqarolarning qurilmalarini sud qarorisiz buzish vakolati berilmaganligini ko‘rish mumkin. Aksincha, har qanday holatda ham avvalo fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonuniylikni ta’minlash ularning ustuvor vazifasi. 

Shuningdek, jurnalistlarning  o‘z faoliyatini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish, bosim o‘tkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmagan bo‘lsa-da, amaldagi qonunga ko‘ra bunday harakat mas’ul mansabdorning o‘z mansab vakolati doirasidan chetga chiqishi sanaladi. Va bu Jinoyat kodeksining 206-moddasi doirasida baholanishi kerak. 

Chunki fuqaro va jurnalistlar qonunni buzsa, jumladan hokimiyat vakili, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasa, qanchalik darajada javobgar qilinayotgan bo‘lsa, javobgarlikka torttirish o‘z qo‘lida bo‘lgan idoralar ham o‘zlariga kelganda, ikkiyuzlamachilik qilmasliklari kerak”, deydi Kusherboyev.

Deputat so‘zida davom etarkan, jurnalistlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning himoyasida ekanini urg‘ulaydi. 

“Davlat rahbari shaxsan "jurnalistlar Prezident himoyasida" ekanligini qayta va qayta aytib turgan vaqtda ushbu himoya doirasida jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik va bosim qilganlik holati bo‘yicha alohida javobgarlik masalasini zudlik bilan hal etish zarurligi ko‘rinmoqda.

Afsuski bu hamon O‘zbekiston, shu jumladan "Yangi O‘zbekiston"  qonunchiligidagi ham bo‘shliq sifatida qolmoqda”, deydi deputat. 

Eslatib o‘tamiz, bundan avval QALAMPIR.UZ’ning rasmiy bayonoti ham e’lon qilingandi. Bayonotda ushbu masala Oliy Majlisi Senati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Yuksalish” umummilliy harakati, siyosiy partiyalar, jurnalistlar va blogerlar jamiyatini, so‘z va matbuot erkinligiga befarq bo‘lmagan jamoatchilik vakillari tomonidan atroflicha muhokama qilinishi kerakligi so‘ralgandi. Hozirgacha rasmiy idoralardan faqat Senat bayonot bilan chiqdi, xolos. So‘z erkinligi va jurnalistlarga nisbatan tahdidlarni favqulodda holat sifatida baholashi kerak bo‘lgan asosiy tashkilotlar – AOKA, Jurnalistlar uyushmasi hamon pinakda.  


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing