O‘zbekistonning 35 milliondan ortiq aholisini ekologik halokat kutmoqda – Yevroparlament deputati
Jamiyat
−
09 Oktabr 2023
49797Germaniyalik siyosatchi, Yevroparlament deputati Viola fon Kramon-Taubadel Yevropa parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston va Yeeropa Ittifoqi munosabatlari haqida nutq so‘zlar ekan, mamlakatdagi ekologik muammolarga e’tibor qaratdi. U o‘z nutqidan parchani X (sobiq Twitter)dagi sahifasiga joyladi.
“O‘zbekiston o‘zining yosh va mehnatkash aholisi, tabiiy resurslari va boy tarixi bilan Markaziy Osiyoning muvaffaqiyat hikoyasiga aylanishi uchun hamma narsaga ega. Biroq, uning aholisi qiynalmoqda, yer va resurslari eroziyaga uchramoqda”, deydi deputat.
Viola fon Kramonning fikricha, Xitoy va Rossiya kabi avtokratik qo‘shnilari mamlakatni o‘zlarining shaxsiy o‘yin maydonchalariga aylantirib olgan.
“Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi inson huquqlari buzilishiga ko‘z yumib, u bilan savdoni oshirishga qaror qila olmaydi. Albatta, paxta dalalarida mehnat sharoiti yaxshilanmoqda, bolalar mehnati taqiqlandi. Ammo hali oldinda uzoq yo‘l bor”, deydi Yevroparlament deputati.
Uning aytishicha, mamlakatda suv resurslari noto‘g‘ri boshqarilmoqda, shaharlar zaharli changga botgan va mamlakat qisman cho‘lga aylanmoqda.
“Agar bu jarayonlar to‘xtatilmasa, O‘zbekistonning 35 milliondan ortiq aholisini ekologik halokat kutmoqda. Yevroittifoqning navbatdagi kengayishi O‘zbekistonni Ittifoqqa ancha yaqinlashtiradi. Uning xalqi Xitoy va Rossiyaga muqobil demokratiyaga loyiqdir. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga yaqinroq bo‘lishi kerak. Shunda odamlar hayotini yaxshilash va O‘zbekistonning noyob ekotizimini himoya qilish uchun ko‘proq ish qila oladi”, deya xulosa qilgan Viola fon Kramon.
Yevroparlament deputatining bu nutqi O‘zbekistonlik faollarning ham e’tiboridan chetda qolmadi. Xususan, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vaziri maslahatchisi, sobiq deputat Rasul Kusherboyev fon Kramonga O‘zbekistonga bildirgan alohida e’tibori uchun minnatdorlik bildirgan.
“O‘zbekiston parlamentining sobiq a’zosi sifatida men Yevroparlament va O‘zbekiston ekologiya, inson huquqlari va demokratlashtirish sohasida yaqin hamkorlikni rivojlantirishiga katta umid qilaman”, deb yozgan Kusherbayev X’dagi sahifasida.
LiveBarchasi