BP Yunusobod prokuraturasi xodimi QALAMPIR.UZ jurnalisti faoliyatiga to‘sqinlik qilganini tasdiqladi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2021
15275QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova, tasvirchi Xo‘jamiyor Xolmurodovga tahdid qilgan Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizovga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Gap shundaki, joriy haftada QALAMPIR.UZ Yunusobod tumanida buzilayotgan 14 ta do‘kon egalaridan tushgan murojaatga ko‘ra, ushbu mavzuni yoritish uchun voqea joyiga yetib borgan edi. Biroq, bu yerda o‘z xizmat faoliyatini olib borish jarayonida jurnalist Feruza Najmiddinova va tasvirchi Xo‘jamiyor Xolmurodov prokuratura xodimining to‘sqinligiga uchragan. Umid Azizovning noqonuniy buyrug‘i bilan Ichki ishlar xodimlariga tasvirchi Xo‘jamiyor Xolmurodovning ortidan quvlashgacha borishgan. Ular tasvirchidan kamera xotirasidagi kadrlarni o‘chirib tashlashni talab qilgan.
Bosh prokuraturaning qayd etishicha, QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan "QALAMPIR.UZ jurnalistiga prokuratura va ichki ishlar xodimlari tomonidan tahdid qilindi" nomli videoxabarda ko‘rsatilgan holatlar o‘rganib chiqilgan.
“Aniqlanishicha, videoyozuvda qayd qilingan xodim Umid Azizov prokuratura organlari tizimida 2019 yildan, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Yunusobod tumani prokurori sektori kotibi vazifasida 2020 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
"Obod mahalla" davlat dasturi doirasida noqonuniy qurilma va o‘ramalarni buzdirish maqsadida joriy yilning 6 sentyabr kuni tuman hokimligi, prokuratura, IIB va boshqa mas’ul tashkilotlar xodimlari tomonidan Yunusobod tumani, 2-mavze, 7-uy oldi qismidagi noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari amalga oshirish boshlangan.
“QALAMPIR.UZ” internet nashri muxbiri va tasvirchisi kelib, jarayon tasvirga olingan va mas’ullardan tushuntirish so‘ralgan”.
Bosh prokuratura tomonidan aniqlanishicha, Yunusobod tumani 2-sektor kotibi Azizov haqiqatan ham “QALAMPIR.UZ” internet nashri tasvirchisiga olingan videolarni o‘chirib ketishini aytib, jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilgan.
Tekshirish natijasiga ko‘ra, U.Azizov bilan Toshkent shahar prokurori huzurida profilaktik suhbat o‘tkazilib, kelgusida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid qonunchilikka hamda prokuratura organlari xodimlarining “Kasb odobnomasi”ga qat’iy rioya qilish, aks holda intizomiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, 10 sentyabr kuni Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov boshchiligida shaharning barcha xodimlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, qonunlarga og‘ishmay rioya qilish, shuningdek, faoliyatda ochiqlik va xolislikni ta’minlash maqsadida OAV vakillari bilan samarali hamkorlik amalga oshirish lozimligi tushuntirilgan.
Voqea joyida nafaqat prokuratura xodimlari, balki Azizovning noqonuniy buyrug‘ini bajarishga “chest” berib, shay turgan, hatto, tasvirchini quvlashdan toymagan, tolmagan ichki ishlar xodimlari ham bo‘lgan. Biroq, IIV bu borada hamon sukut saqlamoqda. Oxir-oqibat IIV Matbuot kotibi G‘iyosov QALAMPIR.UZ jurnalisti va tasvirchisini ham “Xudo urgan”ga chiqarmasa bo‘lgani.
Darvoqe, Yunusobod tumanida noqonuniy qurilma deya sud qarorisiz "snos" o‘tkazilayotgani xususida tegishli tashkilotlar miq etmayapti. Yunusobod tuman hokimligi, uyg‘oninglar! Tumanda shuncha ishlar bo‘lyapti, axir. Bosh prokuratura ham noqonuniy qurilmalar, noqonuniy ravishda, sud qarorisiz buzilayotganiga e’tibor qaratmagan. Biz bular bo‘yicha javob kutamiz.
LiveBarchasi