Toshkentda yana “snos”. Buni yoritishga borgan jurnalist prokuratura va ichki ishlar xodimlari tahdidiga uchradi
Jamiyat
−
08 Sentabr 2021
18158QALAMPIR.UZ’ga Yunusobod tumani 2-mavzeda faoliyat olib borayotgan bir guruh tadbirkorlardan murojaat kelib tushdi. Ular o‘ziga tegishli do‘konlar va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari noqonuniy qurilma sifatida buzib tashlanayotgani, biroq noqonuniy qurilma ekani haqida hech qanday hujjat, sud qarori yo‘qligidan shikoyat qildi.
Murojaat kelib tushgan ilk soatlardayoq QALAMPIR.UZ jamoasi – jurnalist Feruza Najmiddinova va yurist-konsultant Shohruh Olimjonov, operator Xo‘jamiyor Xolmatov voqea joyiga yetib bordi.
QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi hududda haqiqatan ham tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan 14 ta do‘kon sud qarorisiz buzilayotganiga guvoh bo‘ldi.
Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlarga imkoniyat eshiklari ochilayotgani haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev bot-bot takrorlanayotgan bir paytda, Hokimiyat va Prokuratura o‘rtasida sarson bo‘layotgan ham tadbirkorlar bo‘lmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor do‘kon qurish uchun Yunusobod tuman hokimligiga murojaat qilgan, Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari Shuhrat Qo‘chqorov imzosi bilan, yengil konstruksiyali do‘kon qurilishiga e’tiroz yo‘qligi haqida javob xati kelgan. Keyinchalik, “Max Desigm House” MCHJ tomonidan hokim o‘rinbosariga do‘kon loyihasi ham taqdim etilgan. Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari og‘zaki tarzda do‘konlarni qurishga ruxsat bergan.
Tadbirkorning aytishiga qaraganda, bundan bir oy avval Yunusobod tuman hokimi Jahongir Ibrohimov qurilish maydoniga kelib “Max Disegm House” MCHJ tomonidan qurilayotgan do‘konlarni ko‘zdan kechirgan. Yunusobod hokimi qurilgan do‘konlarni buzish kerakligi, aks holda o‘zi buzdirishi haqida og‘zaki ogohlantirgan. Tadbirkor qurilish uchun ruxsat borligi, hokim o‘rinbosari Shuhrat Qo‘chqorov tomonidan e’tiroz bo‘lmaganini aytganidan so‘ng, buzish haqidagi gaplar to‘xtagan, ammo masala butkul hal bo‘lmagan.
“Max Disegm House” MCHJ do‘konlarining orqa tomonida ko‘p qavatli uy bor va u yerda yashaydigan fuqarolar bilan yig‘ilish o‘tkazib, dalolatnoma tuzib, hammani roziligi bilan ishlandi.
6 sentyabr kuni prokuratura xodimlari kelib, hech qanday hujjat ko‘rsatmay turib buzishni boshladi. Ko‘rib turganinglardek, do‘kon tomlarini ochib tashlashyapti. Lekin do‘konni nima uchun buzishayotgani haqida tushuntirish yoki sud qarorini taqdim etishmadi.
Hokimiyat bilan do‘konlarni qurish davomida hudud atrofida bolalar o‘yingohi qurish, do‘konning orqa tomonidan asfalt qilib o‘rindiqlar o‘rnatish haqida aytilgandi va biz hammasini bajarib, atrofni obodonlashtirdik”, deydi tadbirkor Qudrat Shahakimov.
Do‘konlarni qurish may oyida boshlangan. 4 oy davomida hech qanday e’tiroz qilmasdan, tadbirkor ancha-muncha mablag‘ sarflab, hokimiyat obodonlashtirishi kerak bo‘lgan joylarni cho‘ntagidan ta’mirlatib bo‘lib, do‘kon ko‘zga ko‘rinib qolgandan so‘ng, buzdirish qaysi qonunlarga to‘g‘ri keladi? Do‘kon noqonuniy qurildi ham deylik, nima uchun noqonuniy buzilmoqda? Prokuratura xodimlarida noqonuniy qurilishni buzdirishga vakolat bormi?
Buzilishda bosh-qosh bo‘layotgan, o‘zini tanishtirishni istamagan 2-sektor kotibi Umid ismli shaxs, tadbirkorlar noqonuniy do‘kon qurganini aytdi, xolos. Nima uchun sud qarorisiz buzdiryapsiz, degan savolimizga esa kerakli joyda gaplashib olish bilan tahdid qildi. Atrofda aholi vakillari, tadbirkorlar yig‘ilib norozi bo‘lganlarini ko‘rib, ratsiya orqali avtobus yuborishni va kerak bo‘lsa jurnalistlarni ham ortib Ichki ishlar bo‘limiga olib borishini aytdi.
“Do‘kon uchun uyimni, mashinamni sotdim. Beton quyayotganimizda hokimiyatdan kelib bolalar maydonchasi qurib bermasak, buzib tashlashlarini aytishdi. Ho‘p, deb cho‘ntagimizdan o‘yingoh ham qurdik. Shu bilan tinchib ketishdi. Do‘konning ustki qismini yopayotgan vaqtimizda yana kelib, o‘rtadan yo‘l qoldirish kerakligini aytishdi. Ho‘p, deb uni ham qildik. Do‘konlar bitib, ko‘kragimizga shamol tegay deganda, kelib buzishni boshlashdi. Men 20 jonni boqaman. Men, akam, xotinim nogiron. Hammani men boqaman. Shuncha do‘kon qurilguncha qayerda edi bular?!Nega indashmadi? Haqiqat bormi? Do‘konni qurayotganda e’tiroz bildirishmadi. Hech qanday ogohlantirishsiz kelib buzishyapti. Kelishganda, qani order, nega buzyapsizlar, deganimizda, men orderman, pogonim order, deb aytishdi. Kim u pogoniga ishonayotgan?! Hech qanday hujjat ko‘rsatmadi. Hamma hujjatlarimiz joyida. Kadastr hujjatlarini ham olishimiz kerak edi. Farzandlarim keladi, shu yerda o‘tirishadi, o‘zimni o‘ldiraman, bollarimni oilamni boqadi”, deydi tadbirkor Tolmas Eshonqulov
Voqea joyida na hokimiyat vakili, na prokuratura xodimi izoh berishni xohlamadi. Ijodiy guruhimiz bilan birga Yunusobod tumani hokimiyatiga va prokuraturasiga bordik. Yunusobod tuman hokimi yordamchisi hokim Jahongir Ibrohimov sayyor qabulda ekani va 2-mavzedagi do‘konlar buzilishidan bexabar ekani haqida bildirdi.
Yunusobod tuman prokuraturasidan esa Kamola ismli xodim bu vaziyatda prokuratura xodimi haq ekani, noqonuniy buzilishlar vaqtida prokuratura xodimlari bu jarayonlarda qatnashishlari mumkinligini aytdi.
Hokimiyat va prokuraturadan tayinli javob ololmagach, voqea joyiga qaytib keldik. QALAMPIR.UZ tasvirchisi Xo‘jamiyor Xolmurodov o‘z ishiga kirishdi. Prokuratura xodimi tasvirchini ko‘rib, Ichki ishlar xodimlariga “Olib kel”, deb buyruq berdi va Ichki ishlar xodimlari operatorni quvlab, avtomashina oldigacha kelishdi. Eshikni ochib, tezda mashinadan tushishni buyurishdi.
OAV xodimlari ma’lumot olish va tarqatish huquqiga ega ekani, jurnalist daxlsizligi masalasi borligini aytishimizga qaramay, mashinadan tushishini talab qilib, ular buyruqni bajarayotganini aytishdi.
“QALAMPIR.UZ jamoasi mashinadan tushganidan so‘ng, Yunusobod tumani 2-sektor kotibi Umid ismli shaxs Ichki ishlar xodimlariga jurnalist va boshqa xodimlarni xizmat mashinasiga o‘tkazish, barcha ishni “Gom”da hal qilishni buyurdi. Biz esa bormasligimiz va qilayotgan ishlariiz qonun doirasida amalga oshirilayotgani haqida aytdik. Men bilan suhbatlashgan 2-sektor kotibi Umid ismli shaxs kerakli joyda gaplashib olish bilan tahdid ham qildi. Prokuratura xodimi tasvirchini chaqirib, videolarni o‘chirishni aytdi”, deydi yurist-konsultan Shohruh Olimjonov
Prokuratura xodimi murojaat asosida voqeani o‘rgangan jurnalistdan videoni o‘chirishni talab qilsa, atrofda odam yig‘ilyapti, deb OAV xodimlarini Ichki ishlar bo‘limiga olib borishga urinishsa, qani siz-u biz jar solayotgan erkinlik?
Bir narsani takror aytish mumkin, tadbirkor kimningdir gapiga ishonib noqonuniy do‘kon qurgandir. Lekin prokuratura xodimi nega noqonuniy buzyapti? Buzishni boshlarkan, nega fuqarolar huquqi va majburiyatlari ularga tushuntirilmayapti?
Vaziyatga huquqiy tomondan yondoshsak: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 212-moddasiga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi 467-sonli bilan tasdiqlangan “O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni aniqlash hamda bartaraf etish (buzib tashlash)ni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 3-bandiga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni aniqlash:
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi tuman (shahar) hokimining qarori mavjudligini;
- uy-joy qurishi uchun tuman qurilish bo‘limi bilan kelishilgan yakka tartibda ishlab chiqilgan loyihaning mavjudligini;
- shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq qurilganligini tekshirish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, noqonuniy qurilmani buzish choralarini ko‘rish haqida MCHJga hokimiyat tomonidanogohlantirish xati yuborilishi lozim.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan 467-sonli Qarorning 11-bandiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan imoratni qurgan shaxs o‘n besh kun muddat ichida uni o‘z hisobidan bartaraf etishi shart.
Jumladan, o‘zboshimchalik bilan imoratni qurgan shaxs tomonidan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida sudga da’vo berilgan taqdirda da’vo berilgan kundan boshlab sudning yakuniy qarori qabul qilinishiga qadar ushbu imoratni bartaraf etilishi vaqtincha to‘xtatib turiladi.
LiveBarchasi