Zaxarova O‘zbekiston uchun nomaqbul shaxslar ro‘yxatining boshida bo‘lishi kerak – Rasul Kusherboyev
Jamiyat
−
27 Sentabr
21550Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekiston uchun nomaqbul shaxslar ro‘yxatining boshida bo‘lishi kerak. Bunday fikrni sobiq deputat, Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev bildirdi.
"Biz biror marta ham Rossiya maktablarida bo‘layotgan ishlarga aralashmaganmiz. Chunki bu mutlaq Rossiyaning o‘z ichki ishi. Shu jixatdan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovani Toshkentdagi maktab voqeasiga burnini tiqib, O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashayotgani shunchaki bir munosabat bilan o‘tib ketadigan voqea emas", deydi Kusherboyev.
Uning aytishicha, "tilidan zaxar tomishdan u yog‘iga o‘tmaydigan" Zaxarovaning boshqa xalq va mamlakatlar ichki ishlariga aralashishi birinchi bor emas. Qolaversa, yaqinda O‘zbekistonni bosib olish haqida aytgan rossiyalik siyosatchining harakatlarini izohlashda ham Zaxarova O‘zbekistonni kamsitgan.
"Shu bois, yaqinda Senat qabul qilgan qonunga asosan, Zaxarovani "O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati" kiritishning ayni vaqti. Ro‘yxatni undan boshlash kerak. Toki, bu shaxs o‘zining haqoratomuz, shovinistik bayonotlari javobsiz qolmasligini real qilsin", deydi Rasul Kusherboyev.
Qayd etish joizki, 20 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining ellik yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullangandi.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo ijtimoiy, irqiy, diniy va milliy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqi sha’ni, qadr-qimmati va tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar hamda harakatlar sodir etgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tegishli ro‘yxatga kiritiladi.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yilning 23 sentyabr kuni Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida 6-sinfida rus tili fani darsida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan.
So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G.ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Mazkur voqea videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistondan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rishni so‘rab, mazkur masala diqqat-e’tibor markazida tutishini bildirdi.
Rossiyaning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, chet eldagi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentligi (Rossotrudnichestvo) esa rasmiylardan Toshkentdagi maktabda o‘quvchini urgan o‘qituvchining Rossiya Federatsiyasiga kirishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘radi.
Shundan so‘ng, bir qator o‘zbekistonlik rasmiylar, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanovlar Mariya Zaxarovaning talabiga munosabat bildirib, O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslikni, uni mamlakatni o‘zi o‘z qonunlari doirasida hal qilishini aytdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo esa Mariya Zaxarova bu gaplari uchun O‘zbekistondan kechirim so‘rashini, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunday hurmatsizlik uchun tushuntirish berishini talab qildi.
Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadovga umumiy fuqarolik va diplomatik odob-axloq qoidalariga rioya qilishga qaratilgan taqdimnoma kiritdi.
Kecha, 26 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Suhbat davomida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilishi muhimligi ta’kidlandi.
LiveBarchasi