SSSR vasvasasi. Rus propagandachilari aqldan ozgan…mi?
Tahlil
−
25 yanvar
16137Sezdingizmi, so‘nggi paytlarda ayrim rus propagandachilari tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonga nisbatan "tosh otishlar" ko‘payib bormoqda. Oldinroq “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepin O‘zbekistonni bosib olish haqida gapirib chiqqan bo‘lsa, endilikda o‘zini “tarixchi” deb hisoblaydigan shovinist Mixail Smolin o‘zbek xalqining go‘yoki 1917 yildagi inqilobgacha mavjud bo‘lmaganini iddao qildi.
“Qozog‘iston qanday paydo bo‘ldi? Aslida, u dastlab RSFSR tarkibida Qozog‘iston SSR deb atalgan. Ungacha qozoqlar umuman yo‘q edi. Keyin Qozog‘iston SSR ichida Qirg‘iziston SSR tashkil etildi va shundan so‘ng uni RSFSRdan ajratishdi. O‘shanda millatlarning shakllanishiga oid qarorlar shu qadar ixtiyoriy ravishda qabul qilingan. Masalan, o‘zbeklar inqilobgacha hech qachon bo‘lmagan, bunday nom yo‘q edi. Markaziy Osiyoning bir qancha xalqlaridan o‘zbeklarni olib yaratishdi. Ozarbayjonlar kimlar? Bunday millat yo‘q edi. Inqilobdan oldin bunday xalq bo‘lmagan”, degan Smolin.
Ko‘rganingizdek, u nafaqat o‘zbek xalqi, balki qozoq va ozarbayjon xalqlari haqida ham shunday fikrda. O‘z o‘rnida savol tug‘iladi: Nahotki tarix fanlari nomzodi bo‘lgan Smolin Markaziy Osiyodagi xalqlarning bir necha ming yillik tarixidan bexabar bo‘lsa. Yoki bila turib tan olgisi kelmayaptimi?
Aslida masala bunda ham emas. O‘z tadqiqotlarini Rossiya imperiyasi mafkurasiga bag‘ishlagan, rus xalqining bugungi kundagi siyosiy maqsadi o‘sha imperiyani tiklash deb biladigan Smolin bunday tuturiqsiz gaplarini NTVda, ya’ni Butunrossiya federal telekanali efiridan turib aytyapti.
O‘zbekistonni bosib olishni taklif qilgan Zaxar Prilepin esa o‘sha tahdidli gaplarini “Rossiya Segodnya” xalqaro multimedia matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda aytgandi.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, NTV aksiyalarining katta qismi “Gazprom media” xoldingiga tegishli, “Rossiya Segodnya” esa davlat korxonasi sanaladi.
Smolinning tarixni buzib ko‘rsatadigan safsatalari O‘zbekistonda aks-sado berishi tayin edi, albatta. Birinchilardan bo‘lib Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev bunday iddaolarga munosabat bildirdi. Uning aytishicha, katta ehtimol bilan Kreml buyurtmasi asosida rus ziyolilari sekin-asta Markaziy Osiyo mamlakatlarini bosib olishga o‘z jamiyatini ruhan tayyorlayapti. Kusherboyev bu kabi ssenariylar Ukraina bosqinidan oldin ham qo‘llanilganini eslatdi.
“Afsuski, bu ishlar Ukrainaga uyushtirilishi kutilgan bosqindan oldin ham bo‘lgan. Ya’ni xuddi shu ssenariydan ketilgan. Ukrainani bosib olish kerak, ukrainlar noto‘g‘ri qilyapti, degan gaplarni bir muddat davomida butun kanallar orqali propaganda qilishdi va jamiyat keyinchalik buni normal qabul qilishni boshladi. Xuddi shu ssenariy hozirda Markaziy Osiyo xalqlariga nisbatan ham ketyapti. Shuni kuzatib o‘tiraveramizmi, degan savol bor. O‘tgan safar Tashqi ishlar vazirligi zo‘rg‘a gapirdi (munosabat bildirdi). Endi, bu safar ular tariximizni ham o‘zgartirmoqchi, hech bo‘lmasa biz O‘zbekiston hududida Rossiya propagandasi bilan shug‘ullanayotgan barcha telekanal va boshqa kanallarni yoptirish haqida qaror qabul qilmasak bo‘lmaydi. Tezlik bilan hammasini yopish kerak. Rus propogandasi bilan shug‘illanayotgan hamma kanallarni O‘zbekiston hududida tarqatilishini to‘xtatish kerak, vassalom. Chunki ular bosqinchilik siyosatini axborot orqali amalga oshirishni boshlab yubordi. Hech bo‘lmasa, biz o‘zimizning jamiyatimizni bundan asrashimiz kerak. Hech bo‘lmasa, kelajakda o‘zimizni ichimizdan sotqinlar chiqishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak”, deydi Kusherboyev.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo ham aholini zaharli g‘oyalardan saqlash uchun O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-televideniye kanallari hamda ularning internetdagi saytlarini zudlik bilan cheklash masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
“Tarixiy haqiqatni anglamaydigan yoki anglashni istamaydigan Mixail Smolinga o‘xshaganlar bunday qarashlari bilan bir butun xalqlarni haqorat qilmoqda. Bu kechirilmaydigan va shunchaki “alahsirash” deb qarab bo‘lmaydigan holdir! Bugun shovinistik propaganda yuzidagi niqobni yirtib, o‘zining haqiqiy basharasini namoyish qilar ekan, ularning xatti-harakatida fashizmning “qo‘lansa hidi” anqiydi... Afsuski, shovinistlarning jinoiy harakatlari o‘zlarining jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘ta ayanchlidir. Aslida, Mixail Smolin va unga o‘xshash “siyosatdon”larning og‘zida aylanayotgan “til” qora niyat egasining tilidir”, deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov esa tarixchiga tarixdan ba’zi narsalarni eslatib qo‘ydi va 1395 yilda Amir Temur imkoni bo‘la turib, Moskvani egallamagani uning eng katta xatosi bo‘lganini aytdi.
“Yanglishlarning eng kattasi, fikrimcha, qudratga to‘la davrida Temurning Moskoviyaning ustidan emas, yonidan o‘tib ketgani bo‘lsa kerak. Ustidan o‘tib ketganida, qayerdan kelganimizni muhokama qilish darajasida aqlsizlik qilishmagan bo‘lar edi”, deb ta’kidlaydi Alisher Qodirov.
Boshqa millatlarning bir necha ming yillik tarixini yo‘qqa chiqargan Smolinning iddaolaridan so‘ng, rasmiy Moskva ham tilga kirib, tarixchining gaplari faqat o‘zining sub’ektiv fikri ekanini aytdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarini umumiy tarix va insonparvarlik aloqalari, savdo-iqtisodiy munosabatlar bog‘lab turishini urg‘uladi.
“Qayd etilgan g‘alati bayonotlar tabiatan sof sub’ektivdir, yuqorida aytib o‘tilgan voqeliklar bilan hech qanday umumiylik yo‘q va bu butunlay muallifning vijdoniga havola”, deydi Zaxarova.
Aytish kerakki, o‘tgan safar Prilepin bilan bog‘liq vaziyatda ham Zaxarova xuddi shunday bayonot bilan kifoyalangandi.
Alisher Qodirov esa rasmiy Moskvaning shovinistlarni “g‘alati” chiqishlarini ta’kidlashdan nariga o‘tmayotgani ular bunday ritorikadan manfaatdor, degan taassurot uyg‘otishini bildirdi.
“So‘nggi vaqtlarda rus tilida shovinistik bayonotlardan boshqa narsa eshitmayapmiz. Bu holatda munosabatlar o‘z yo‘liga, amaliy choralar haqida o‘ylashimiz kerak”, deydi u.
Shu o‘rinda u O‘zbekistonda ta’lim va televideniyeda rus tilidan foydalanishni qisqartirishni taklif qildi. Uning aytishicha, mamlakat aholisining 3 foizini ham tashkil qilmaydigan rus millatiga mansub fuqarolar uchun ta’lim va televideniyeda rus tili nomutanosib darajada ko‘p va bu tuzatilishi kerak.
“Birinchidan, O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’limni ona tilida o‘qitilishi bo‘yicha norma qonunga kiritilishi mumkin.
Ikkinchidan, qozoq, ozar, qirg‘iz, turkman, turk va tojik qardoshlar bilan teleko‘rsatuvlar almashishni yo‘lga qo‘yaylik”, deydi Qodirov.
Yuqorida aytilgan takliflar taklifligicha qoladimi, yoki amaliyotga ko‘chadimi, bizga noma’lum. Lekin, shunisi aniqki, Smolin va Prilepinga o‘xshaganlar yana chiqmasligi uchun, albatta, chora ko‘rish kerak. Boshqacha qilib aytganda, hozirgi geosiyosiy vaziyat qanchalik tahlikali bo‘lmasin, ular zimdan ishora qilayotgan narsaning oldini olish shart.
Bu boradagi fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring, voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzatib boring.
LiveBarchasi