O‘zbekiston 2024 yilda Rossiyadan qancha qarz olgani aytildi
Jamiyat
−
05 dekabr 6960 1 daqiqa
O‘tgan yili 38 ta davlatning Rossiya oldidagi qarzi 33,1 milliard dollargacha o‘sdi, bu 1998 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu haqda Jahon banki ma’lumotlariga tayanib RIA Novosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 2,6 milliard dollarga oshib, 33,1 milliard dollarga yetgan. Bu davlatlarning Rossiya oldidagi qarz oxirgi marta 1998 yilda 38 milliard dollarni tashkil qilgan.
Bangladesh o‘tgan yili eng katta qarz oluvchi bo‘ldi, uning qarzi yil davomida 1,2 milliard dollarga ko‘paydi. Misr qarzini 815 million dollarga, Hindiston esa 799 million dollarga oshirdi. O‘zbekiston qarzini 39 million dollarga, Afg‘oniston 17 million dollarga, Yaman 7 million dollarga va Shri-Lanka 3 million dollarga oshirgan.
Belarus qarz majburiyatlarini eng ko‘p – 125 million dollarga qisqartirdi.
Sentyabr oyida Gruziya Rossiya oldidagi ko‘p yillik qarzini to‘liq to‘lagani xabar qilingan edi. 2024 yilning oxiriga kelib Gruziyaning umumiy davlat qarzi 1,56 milliard dollarni, Rossiyaga esa 156,9 million dollarni tashkil qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 72,2 mlrd dollarga yetgandi. Shundan davlat tashqi qarzi hajmi 36,8 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 35,4 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Qo‘shni Qirg‘izistonning hozirgi davlat qarzi 8,4 milliard dollarni tashkil etadi. Ushbu summaning 62 foizi yoki 5,2 milliard dollari tashqi qarzdir.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr