Suyunchi! O‘zbekistonning tashqi qarzi 72 mlrd dollardan oshdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 72,2 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning “O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi” sharhida keltirilgan.

Unga ko‘ra, joriy yilning 6 oyi yakunida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 72,2 mlrd dollarni tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi 36,8 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 35,4 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunchilik bo‘yicha davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi zarur. Hozirda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi miqdori YAIMga nisbatan 62 foizni, davlat qarzi esa YAIMga nisbatan 38 foizni tashkil etmoqda. Qayd etish joiz, 2024 yilning mos davrida mamlakat jami tashqi qarzi 56,6 mlrd dollar bo‘lgan. Shundan 31 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 25,6 mlrd dollari korporativ tashqi qarz.

Hisobot davrida joriy operatsiyalar hisobi 156,3 mln dollar manfiy saldo bilan shakllangan (2024 yilning I yarmida qariyb 2,9 mlrd dollar). Bu savdo balansi taqchilligining sezilarli darajada qisqarishi hamda xorijdan O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining oshishi bilan izohlanadi.

Eksport hajmining importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi natijasida savdo balansining manfiy saldosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga qisqarib, 6,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Xususan, jami eksport hajmi 29 foizga oshib, 16,6 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, jami import hajmi 10 foizlik o‘sish bilan qariyb 23 mlrd dollarga yetgan. 

2025 yilning I yarmi davomida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi 2024 yilning mos davriga nisbatan 42 foizga o‘sib, 1,6 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga 3,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. Yuqoridagi tarkibiy omillar hisobiga hisobot davri yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi 895,9 mln dollarni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning I choragida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 68,4 mlrd dollarni tashkil qilayotgan edi. Shundan davlat tashqi qarzi hajmi 35,8 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 32,6 mlrd dollarga teng bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

tashqi qarz davlat tashqi qarzi korporativ tashqi qarz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing