Davlat qarzi 48,32 mlrd dollarga yetdi: pullar asosan nimalarga ishlatildi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonning davlat qarzi o‘tgan chorakka nisbatan 1,33 milliard dollarga ko‘paydi va joriy yilning ikkinchi choragi yakunlariga ko‘ra, 48,32 milliard dollarni tashkil etdi. Buni Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlardan ko‘rish mumkin.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu davr mobaynida davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbati 26,2 foizdan 27 foizgacha oshgan. Qarzning asosiy qismini hamon tashqi qarz tashkil etmoqda: birinchi chorakda u 39,78 milliard dollarni (umumiy hajmning 85 foizi), ikkinchi chorakda esa 40,71 milliard dollarni (84 foiz) tashkil etgan. Bu bir chorak avvalgi 22,2 foizga nisbatan YAIMning 22,8 foiziga to‘g‘ri keladi. Ichki qarz 7,21 milliard dollardan 7,60 milliard dollargacha o‘sgan. Uning ulushi 15 foizdan 16 foizga, YAIMga nisbati esa 4 foizdan 4,2 foizga ko‘tarilgan.

Tashqi qarz tarkibida qayd etilgan (fiksatsiyalangan) foiz stavkasiga ega qarzlar ustunlik qilmoqda – ularning hajmi 20,78 milliard dollardan 21,72 milliard dollargacha (44 foizdan 45 foizgacha) o‘sgan, suzuvchi stavkali kreditlar ulushi esa 40 foizdan 39 foizga tushgan.

Xorijiy valyutada nominallashtirilgan qarz tashqi portfelning 82 foizidan 80 foizigacha qisqargan, milliy valyutadagi majburiyatlar ulushi esa 2 foizdan 4 foizgacha oshgan. Tashqi qarzning deyarli barchasi uzoq muddatliligicha qolmoqda: to‘lash muddati bir yildan ortiq bo‘lgan majburiyatlar ikkinchi chorakda 39,29 milliard dollarni (81 foiz) tashkil etgan.

Ichki qarzda milliy valyutadagi instrumentlar ulushi 10 foiz darajasida saqlanib qolmoqda, shu bilan birga xorijiy valyutadagi majburiyatlar 6 foizdan 5 foizga tushgan. Ichki qarzning qisqa muddatli qismi 0,80 milliard dollardan 1,17 milliard dollargacha o‘sgan.

Tashqi qarz nominallashtirilgan valyutalar bo‘yicha eng katta ulush hamon AQSH dollariga to‘g‘ri kelmoqda – 27,44 milliard dollar yoki 57 foiz (bir chorak avval 58 foiz edi). Keyingi o‘rinlarni yevro (3,90 milliard dollar, 8 foiz), yapon iyenasi (2,75 milliard dollar, 6 foiz) va hajmi 1,39 milliard dollardan 1,50 milliard dollargacha oshgan, ammo ulushi qariyb 3 foiz darajasida saqlanib qolgan Xitoy yuani egallamoqda. O‘zbek so‘mining tashqi qarzdagi ulushi ikki baravarga – 2 foizdan 4 foizgacha oshgan.

Kreditorlar orasida eng katta ulushni xalqaro moliya institutlari saqlab qolmoqda – 22,48 milliard dollar yoki tashqi qarzning 55 foizi. Ushbu guruh ichida Jahon banki (9,12 milliard dollar, 22 foiz) va Osiyo taraqqiyot banki (8,18 milliard dollar, 20 foiz) yetakchilik qilmoqda. Ulardan keyin Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (2,32 milliard dollar) hamda Islom taraqqiyot banki (1,20 milliard dollar) bormoqda.

Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari tashqi qarzning 28 foizini (11,45 milliard dollar) ta’minlamoqda. Ulardan eng katta qismi Xitoyning Taraqqiyot banki va Eksimbankiga to‘g‘ri keladi – 3,89 milliard dollar. O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalariga sarmoya kiritgan investorlar ulushi 15 foizdan 17 foizgacha oshgan, yevroobligatsiya qarzi hajmi esa 5,80 milliard dollardan 6,78 milliard dollargacha ko‘paygan.

Ishlatilish yo‘nalishlari bo‘yicha tashqi qarzning yarmi – 20,53 milliard dollar yoki 50 foizi – davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga to‘g‘ri kelmoqda. Yonilg‘i-energetika sektoriga 5,47 milliard dollar (13 foiz), jumladan, elektr energetikasiga 4,21 milliard dollar yo‘naltirilgan.

Transport infratuzilmasi 3,06 milliard dollar (8 foiz), qishloq va suv xo‘jaligi – 3,34 milliard dollar (8 foiz), uy-joy kommunal xo‘jaligi – 3,38 milliard dollar (8 foiz) olgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarga tashqi qarzning 3,72 milliard dollari yoki 9 foizi to‘g‘ri kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 18 mlrd dollarga oshib, 82,2 mlrd dollarga yetgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing