Kusherboyev Tashqi ishlar vazirligini Rossiyaga norozilik bildirishga chaqirdi
Jamiyat
−
21 dekabr 2023
20574Avvalroq, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani xabar qilingandi. O‘zbekistonda Prilepinning mazkur bayonoti norozilik bilan qabul qilindi. Xususan, Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev vaziyatga munosabat bildirib, Rossiya siyosatchilari tomonidan bu kabi bayonotlar berilishi ko‘payib borayotganini aytdi.
“Afsuski Rossiya siyosatchilari tomonidan bu kabi bayonotlar berilishi ko‘paysa ko‘paymoqdaki, aslo kamaymayapti. Bu esa xavotirli”, deydi Kusherboyev.
U o‘zbekistonliklar boshqa maqsad yo‘lida birlashmasa-da, mamlakat mustaqilligini saqlab qolish yo‘lida birlasha olishiga ishonch bildirgan.
Shuningdek, Rasul Kusherboyev rasmiy Kreml mamlakat va xalqlar o‘rtasida urush va adovatini qo‘zg‘ayotgan bu kabi “shovinistlar”ga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishi kerakligini eslatgan.
“Aks holda O‘zbekistonni bosib olish bu ko‘pchilik tomonidan Kremlning kelajakdagi strategik rejasi sifatida qabul qilinadi”, deya qo‘shimcha qilgan vazir maslahatchisi.
Bundan tashqari, u O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidlagan.
“Darvoqe, Shimoliy Koreyani raketa uchirganidan tashvishga tushadigan Tashqi ishlar vazirligimiz hech bo‘lmasa hozir uyg‘onib, bu bo‘yicha rasmiy Nota yuborishi kerak”, deydi Rasul Kusherboyev.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatgandi.
LiveBarchasi