Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi. To‘qayev kuchishlatarlarga muhim topshiriq berdi

Jamiyat

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashiga maxsus operatsiya kuchlarini yaratish bo‘yicha ishlarni tezlashtirish va milliy xavfsizlik tizimini isloh qilish bo‘yicha aniq takliflar kiritishni topshirdi. Bu haqda Oqo‘rda Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari raisligida vakolatli davlat organlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Tadbirda Bosh prokuratura, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari vakillari, shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti ma’muriyati rahbariyati va Xavfsizlik kengashi xodimlari ishtirok etgan.

To‘qayevga yanvar oyining birinchi o‘n kunligida bir qator hududlarda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan sudgacha tergovning borishi, o‘tkazilgan maxsus operatsiyalar yakunlari, shuningdek, aholining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berilgan.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha davlat rahbari qator aniq topshiriqlar bergan. Qozog‘istonda, xususan, Olma-otada sodir bo‘lgan fojiali voqealarni har tomonlama o‘rganish, tinch aholi o‘limining aniq sonini aniqlash, o‘ta og‘ir vaziyatlarda huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha yangi me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Prezident aksilterror operatsiyasi davomida fuqarolarning huquqlari buzilishining oldini olish va tergov harakatlarini o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 6 yanvar kuni Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston harbiylaridan iborat KXSHT tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonga kirdi. Xorijiy harbiylarga muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni qo‘riqlash vazifasi topshirildi. KXSHT kontingenti kecha Qozog‘istonni tark etishni boshladi. Hozirgacha Belarus, Armaniston va Rossiya harbiylari ortga qaytgani haqida xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

105

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing