Koronavirusdan tuzalgan bemor: “Uy, mashina – hech narsa ko‘zingizga ko‘rinmay qolarkan”
Intervyu
−
02 aprel 2020
18530Bugun, 1 aprel kuni koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan, Virusologiya ilmiy tekshirish institutida davolanib, oilasi bag‘riga qaytgan 4 nafar fuqaro haqida xabar bergandik. Sog‘aygan fuqarolardan bir nafari BAAning Dubay shahridan, yana bir nafari Turkiyadan kelgan, qolgan ikki nafari esa koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lgan fuqarolardan ekani ma’lum qilingandi. QALAMPIR.UZ sog‘ayganlardan biri Baxtiyor Ahmadjonov bilan suhbat uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Asli Toshkent shahridan bo‘lgan 29 yoshli Baxtiyor Ahmadjonov tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Turkiyada xizmat safarida bo‘lib qaytgan akasi orqali ushbu kasallikni yuqtirib olgan. U kishi bo‘lib o‘tgan voqealar haqida batafsil so‘zlab berishga harakat qildi.
— Kasallik belgilari boshlangan vaqtni eslaysizmi? O‘sha kuni qanday voqealar yuz bergandi?
— O‘sha kunlari birdan haroratim ko‘tarilib, isitma chiqa boshladi. Keyin shamollashga qarshi va isitmani tushirish uchun dorilar qabul qildim. Bir kun yaxshi bo‘lib qoldim. Ertasiga yana shu hol takrorlandi. Keyin uyda qimirlamay yotdim.
Akam bu voqealar yuz berishidan sal avval Turkiyadan qaytgandi. Xuddi shu voqealar otam, onam, akalarim bilan ham sodir bo‘ldi. Keyin oilaviy uyimiz yaqinida joylashgan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bordik. Bizni tekshirishdi. Tekshiruvlardan so‘ng, Virusologiya ilmiy tekshirish institutiga olib ketishdi. Shu bilan davolanishni boshladik.
— Shifoxonadagi sharoitlar qanday edi? Shifokorlar sizga qanday munosabatda bo‘lishdi?
— Shifoxonada oilamizga katta xona ajratishdi. Hammamiz birgalikda muolajalar olishni boshladik. Qo‘l telefonimizga tegishmadi. Yaqinlar bilan qo‘ng‘iroqlashib turdik. Sharoitlar yaxshi bo‘ldi. Shifokorlar baraka topsin, dorilarimizni o‘z vaqtida berib turdi. Bir og‘iz noto‘g‘ri muomala ko‘rmadik. O‘zlari charchashsa ham bizga charchaganlarini bildirishmadi. Birorta kamchilik sezmadik
Bitta immunitetni oshiradigan doridan tashqari, birorta doriga yonimizdan mablag‘ sarflamadik. Hammasini bepul qilishdi. Bir qancha dorilar qabul qildim. Ikki kun jonlantirish bo‘limida yotganimda ham juda yaxshi qarashdi. Ulardan Alloh rozi bo‘lsin.
— Koronavirus kasalligidan o‘zingizga qanday xulosalar oldingiz? Endi qanday yashamoqchisiz?
— Ochig‘ini aytsam, ichimdagi gaplarni ko‘p ham oshkor qila olmayman. Lekin tushuntirishga harakat qilaman. Bu vaboga o‘xshash kasallik ekan. Qutulganimga xursandman. Bunda o‘z hissasini qo‘shgan barchadan minnatdorman. Eng muhimi yashayotgan har bir kunim, soatimga shukr qilishni o‘rganyapman.
Bu shunday dard ekanki, faqat o‘zingiz bilan band bo‘lib qolar ekansiz, xuddi oxiratdagidek. Ko‘z oldimda faqat oilam, yaqinlarim turardi. Allohdan yaqinlarim va o‘zimga duo qilib, tinmay shifo so‘radim. Menga biror kor-hol bo‘lsa, jajjigina qizalog‘im, ayolimga kim qaraydi deb o‘ylardim. Dunyodagi o‘tkinchi narsalar – uy, mashina va boshqalar, hech narsa ko‘rinmay qolarkan. Kasallikning oldida bular bir tiyin bo‘lib qolar ekan.
Men o‘z oldimga ancha ezgu maqsadlar qo‘ydim. Bular sir. Lekin bularni, albatta, amalga oshiraman. Ayrim insonlarni bilaman. Kasal vaqti tuzalsam, u qilaman, bu qilaman deb maqsadlar qo‘yadi. Biroq vaqt o‘tib, tuzalganidan so‘ng, hammasini unutadi va oldingidek yashashni davom ettiradi. Men bunday qilmoqchi emasman. Men butunlay o‘zgaraman va maqsadlarimni amalga oshiraman.
— Katta darddan qutuldingiz. Odamlarga aytadigan gaplaringiz bordir?
— Avvalo Allohga hamd aytaman. Meni bu hayotga qaytardi. Keyin sababchi bo‘lgan barcha shifokorlarga, rahbarlarga, bizni duo qilgan yaqinlarimizga va Prezidentimizga alohida tashakkurimni aytaman. Bu holat hech kimning boshiga tushmasin. Hammani Alloh o‘z panohida saqlasin.
Hozirda koronavirusdan tuzalib chiqqan fuqarolar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida vaqtinchalik tibbiy nazoratda saqlanmoqda. Ularga QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari nomidan sog‘liq-salomatlik, tezroq yaqinlari davrasiga qaytishlarini tilab qolamiz.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirus yuqtirganlar soni 181 nafarga yetdi. Ularning 12 nafari kasallikdan forig‘ bo‘ldi, 2 kishi vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi