Kiyevda 3 oydan keyin yana komendantlik soati joriy etildi
Olam
−
25 iyun 2022
8485Ukrainaning Kiyev viloyatida har kuni ertalab soat 23:00 dan 05:00 gacha amal qiladigan komendantlik soati joriy etildi. Bu haqda bugun, 25 iyun kuni viloyat ma’muriyati ma’lum qildi.
“Kiyev viloyati hududida har kuni soat 23:00 dan 05:00 gacha komendantlik soati amal qiladi”, deyiladi viloyat ma’muriyati xabarida.
Qayd etilishicha, komendantlik soati ko‘chada bo‘lish, jamoat joylariga borish, aholi punktlari bo‘ylab transport yoki piyoda yurishni taqiqlashni nazarda tutadi.
Biroq, komendantlik soati joriy etilishi sabablari tushuntirilmagan.
Ma’lumot uchun, dastlab Kiyev viloyati davlat ma’muriyatining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida 26 iyun kuni soat 23:00 dan 3 iyul kuni soat 05:00 ga qadar hududda komendantlik soati joriy etilgani haqida xabar e’lon qilingan edi. Ammo bir necha daqiqadan so‘ng xabarga o‘zgartirish kiritildi va komendantlik sanasi o‘chirildi.
Avvalroq, kuchaytirilgan komendantlik soati Kiyevda 26 fevral kuni soat 17:00 dan 28 fevral kuni soat 08:00 gacha joriy etilgandi. Bundan tashqari, 15 martdan 17 mart kunigacha ham komendantlik soati ham e’lon qilingandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi