Kiyevda komendantlik soati joriy etildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kiyev viloyati ma’muriyati kuchaytirilgan komendantlik soati joriy etilishini e’lon qildi. Rejim bugun, 15 mart kuni kechqurun boshlanadi va 17 mart kuni ertalabgacha davom etadi. Bu haqda Kiyev viloyati davlat ma’muriyati rahbari Aleksiy Kuleba ma’lum qildi. 

“Kiyev viloyati bo‘ylab 15 martdan 17 martgacha soat 20:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati joriy etildi”, deydi u o‘zining Telegram-kanalida. 

Kiyev viloyati ma’muriyati rahbarining aytishicha, cheklov choralari davrida viloyat aholisiga ko‘chaga chiqish va jamoat joylariga borish taqiqlanadi. Maxsus ruxsatnomalar va shaxsiy guvohnomalarga ega bo‘lgan shaxslar bundan mustasno. 

"Biz hammadan keyingi bir yarim kunni o‘z uyingizda yoki boshpanangizda o‘tkazishingizga tayyorlanishingizni so‘raymiz", deya ogohlantirdi Kuleba. 

Shuningdek, Kiyev meri Vitaliy Klichko ham Ukraina poytaxtida 15 mart soat 20:00 dan 17 mart 07:00 gacha davom etadigan kuchaytirilgan komendantlik soati joriy etilganini ma’lum qilgan edi. 

Avvalroq kuchaytirilgan komendantlik soati Kiyevda 26 fevral kuni soat 17:00 dan joriy qilingan va 28 fevral kuni soat 08:00 gacha davom etgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing