Kiyev rozi bo‘ldi. Ukraina va Rossiya muzokara o‘tkazadi – Minsk

Olam

image

Belarus Milliy matbuot markazi belaruslik siyosatchi Yuriy Voskresenskiyga tayanib, Ukraina delegatsiyasi Gomeldagi muzokaralar uchun yo‘lga tushgani haqida xabar berdi. Bu ma’lumot hozircha Kiyev tomonidan tasdiqlanmadi.

Rossiya delegatsiyasi rahbari, Rossiya Prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiyning aytishicha, Kiyev Gomeldagi muzokaralarga tayyorligini tasdiqlagan. Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi a’zolari muzokaralar uchun Minskdan Gomelga jo‘nab ketishmoqda.

“Biz ketmoqchi edik, lekin biz Ukraina tomonidan muzokaralar tasdiqlangani haqida ma’lumot oldik”, degan Medinskiy Gomel viloyatida uchrashuv tashkil etish tafsilotlariga to‘xtali.

Avvalroq Medinskiy Rossiya tomoni Ukraina delegatsiyasining Gomeldagi muzokaralarda bo‘lishi va u yerga borishi vaqtida xavfsizligini kafolatlaganini ma’lum qilgandi.

Qayd etish kerakki, biroz avval Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qilgandi.

Avvalroq Zelenskiy Rossiya bilan muzokara o‘tkazish uchun Belarusdan boshqa istalgan davlat to‘g‘ri kelishini aytgandi. U shuningdek, Ukraina delegatsiyasi o‘ziga hujum uyushtirgan davlatga muzokara uchun bormasligini qo‘shimcha qilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

262

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing