Kiyev urushga Suriyadan ISHID terrorchilarini yollayapti – Rossiya TIV

Olam

image

Kiyev rejimi G‘arb ko‘magida ISHID va Yaqin Sharqdagi boshqa terroristik tashkilotlardan o‘ylamasdan odam o‘ldirishga tayyor bo‘lgan jangarilarni yollamoqda. Ular buni “ruslardan” o‘ch olish maqsadida qilmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Oleg Siromolotov ma’lum qildi.  

“Yaqin Sharqda, birinchi navbatda, Suriyada o‘z qobiliyatini ko‘rsatgan terrorchi yollanma askarlarning g‘arblik kuratorlari va homiylari ko‘magida Kiyev rejimi tomonidan faol yollangani yangi hodisa bo‘ldi. U yerda ular rossiyalik harbiylar bilan to‘qnash kelgan. Hozir esa ma’naviy xorlangan bu ISHIDchilar, nusrovchilar (Rossiya Federatsiyasida taqiqlangan “Jabhat an-Nusra” guruhi a’zolari) va boshqalar “ruslar”ni o‘ldirish orqali ko‘rilgan mag‘lubiyat uchun qasos olish ishtiyoqida yonmoqda”, deb ta’kidlagan vazir o‘rinbosari. 

Uning aytishicha, jangarilar ruslar va ukrainlarni ajratmaydi. Qo‘shimcha qilinishicha, Kiyev rejimi Yaqin Sharqdan kelgan yollanma askarlarga Rossiyaga qarshi harakatlari uchun o‘n barobar to‘lov va’da qilmoqda. 

“Ukrainaga shafqatsiz va ko‘r-ko‘rona qotillik qurollari olib kelinmoqda, ular “rus” qoniga chanqoq bo‘lib, ularning xizmatlariga “o‘rtacha maoshlaridan” o‘n baravar yuqori bo‘lgan stavkalarda to‘lanishi va’da qilingan”, deya ta’kidlagan u. 

Siromolotovga ko‘ra, Ukraina millatchi batalonlarida G‘arb yollanma askarlari borligi ham yaxshi ma’lum. 

“Ularning aksariyati Ukrainada Rossiya maxsus operatsiyasi boshlanishidan ancha oldin paydo bo‘lgan va Donbass aholisiga qarshi ko‘plab jinoyatlarga o‘zlarining qonli hissalarini qo‘shishga muvaffaq bo‘lgan”, degan 
Siromolotov. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urushga Yaqin Sharqdan ko‘ngillilar olib kelishga ruxsat bergandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

45

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing