Kiyev bir sutkada Rossiyaning qancha texnikasini yo‘q qilganini ochiqladi

Olam

image

Rossiya qo‘shinlari Donetsk, Lugansk va Xerson viloyatlari hududi ustidan to‘liq nazoratni ta’minlash hamda noqonuniy ravishda anneksiya qilingan Qrim bilan quruqlik yo‘lagini ushlab turish maqsadida Ukrainaning sharqi va janubida hujum amaliyotlarini to‘xtatmayapti. Bu haqda bugun, 13 may kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi xabar berdi. 

Kiyevdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya qo‘mondonligi Ukrainaning Chernigov viloyatidagi chegaradosh aholi punktlarini o‘qqa tutishni kuchaytirish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Bryansk viloyati chegara hududlariga qo‘shimcha artilleriya bo‘linmalarini joylashtirmoqda. 

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina Donetsk va Lugansk viloyatlarida bir sutkada rus qo‘shinlarining 18 ta hujumi qaytarilgan, 13 ta tank, 27 ta zirhli texnika, sakkizta artilleriya tizimi, ikki birlik maxsus muhandislik texnikasi va beshta mashina yo‘q qilingan.

Rossiya qo‘shinlari asosiy kuchlarini Rubejnoye aholi punkti ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga qaratmoqda. 

Mariupolda Ukraina harbiylari har tomonlama mudofaa qilayotgan Azovstal zavodi hududiga artilleriya va havo zarbalari berildi. 

Avvalgi kun davomida Ukraina qo‘shinlari beshta Orlan-10 uchuvchisiz samolyoti, Ka-52 vertolyoti va qanotli raketani urib tushirgan. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

39

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing