Karimovlarning ochilgan siri, o‘limga hukm qilingan bokschi, daragi chiqqan Nazarboyev... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
18 yanvar 2022 36995 7 daqiqa
Jamiyat
O‘zbekistonda dron ishlab chiqarish boshlandi
O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalar asosida uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qo‘mita tasarrufida Uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi.
Mazkur Markaz tomonidan xalqaro texnik talab va standartlarga to‘liq javob beradigan “Lochin” nomli uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbek ilm-fani og‘ir judolikka uchradi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi a’zosi Baxtiyor Nazarov 77 yoshida vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 18 yanvar kuni akademik, o‘zbek adabiyotshunosligidagi yirik olim Baxtiyor Aminovich Nazarov 77 yoshida vafot etgan.
O‘zbek-qozoq chegarasida ushlangan talato‘p ishtirokchisi o‘zbekistonlik bo‘lmagan
Avvalroq, Qozog‘iston janubida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara xizmati xodimlari O‘zbekiston fuqarosini ushlagani haqida xabar bergan edik. Uning qo‘l telefonidan yanvar oyida Qozog‘istondagi tartibsizliklar vaqtida tasvirga olingan videolar topilgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur xabarga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Olma-ota shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmatidan ma’lumot olgan. Unga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi emas.
Toshkent viloyatida “kartoshka” ichidan 77 kg narkotik topildi
Toshkent viloyatida Damas rusumli avtomobilda 3 ta qopda kartoshka shaklidagi bog‘lam ichida bo‘lgan 77 kilogramm opiy va gashish ortib ketayotganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bergan.
Qayd etilishicha, joriy yilning 13 yanvar kuni Toshkent tumanining Hasanboy qishlog‘ida Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuzatuv ostidagi shaxslar Damas rusumli avtomashinaga 3 ta qopni ortib ketayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Qoplarda kartoshka shakliga keltirilgan 481 dona o‘ramlar borligi aniqlangan. Ularning ichidan o‘rami bilan hisoblaganda 77 kg 95 grammni tashqil qiluvchi opiy va gashish topilgan.
Karimovlar oilasidagi mojarolar: Maryam Tillyayeva oila sirini ochdi
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillyayeva onasi Lola Karimova-Tillyayeva unga Gulnora Karimovaning oilasi bilan muloqot qilishni taqiqlaganini aytdi. Bu haqda u Instagram’dagi jonli muloqot vaqtida aytib o‘tdi.
Maryam Tillyayevaning so‘zlariga ko‘ra, u va Gulnora Karimovaning qizi Imon 23 yoshda. Imon undan taxminan 6-7 oylik katta.
“Biz bobomnikiga kelganda birga vaqt o‘tkazardik. Biz onalarimiz gaplashishni to‘xtatmaguncha yaxshi do‘st bo‘lganmiz. Ular gaplashishni to‘xtatgach, bizga, menga taqiqlashdi. Imonga ham tushuntirishdi. Ammo bu menga alam qildi, chunki opam bor, lekin u haqda hech narsa bilmayman”, deydi Maryam Tillyayeva.
Raqqosalar bilan dam olib, ishdan “uchgan” amaldor eski lavozimiga qaytdi
O‘tgan yili restoranda raqqosalar bilan dam olgani aks etgan video tarqalishi bilan ishdan olingan Nozim Muratov qaytadan Sirdaryo tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimi imzolagan qarorda keltirilgan.
Qarorga muvofiq, Nozim Muratov 2021 yil 30 dekabrdan Sirdaryo tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ikki oylik sinov muddati bilan ishga tayinlangan.
“Beshta fan birlashtiriladi”. XTV geografiya atrofidagi bahsga munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda geografiya fani uchun dars soatlari o‘zgarishi ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holat yuzasidan Xalq ta’lim vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan milliy o‘quv dasturiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, 1-6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) joriy qilinishi belgilangan.
Olam
“Omicron”ning yangi mutatsiyasi aniqlandi
Shvetsiyaning Uppsala shahridagi Akademik laboratoriyada koronavirusning “omicron” shtammining mutatsiyaga uchragan yangi turi aniqlangan. Bu haqda kecha, 17 yanvar kuni mamlakatning “Uppsala Nya Tidning” nashri xabar bergan.
Mutatsiyaga uchragan virusning subvarianti 14 yanvar kuni Uppsala shahri bo‘ylab 3 kishida aniqlangan.
Hozircha olimlar tomonidan aniqlangan yangi tur “BA.2” deya nomlanmoqda. Aniqlangan yangi tur haqida fanga juda ham kam narsa ma’lum.
Kanada Rossiya bilan kelisholmayotgan Ukrainaga “spetsnaz”ini yubordi
Kanada maxsus topshiriqlar bo‘linmasini NATO harbiy alyansi va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda Ukrainaga joylashtirdi. Bu haqda “Global News” nashri xabar berdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, Kanada Ukrainaga “spetsnaz”ning kichik kontingentini Rossiyaning taxminan 100 000 harbiysi mamlakat chegarasida bo‘lgani uchun joylashtirgan. Shuningdek, bunday qadam NATO ittifoqchilarining Rossiya agressiyasini to‘xtatish va Ukraina hukumatini qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini aniqlashga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismidir.
“To‘qayev to‘liq hokimiyatga ega”. Nazarboyev topildi va murojaat bilan chiqdi
Qozog‘istonning mamlakatdan chiqib ketgani aytilgan Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev xalqqa murojaat yo‘lladi. U vatanidan ketmaganini, hamon poytaxtda ekanini ma’lum qilgan.
Nazarboyevning ta’kidlashicha, Qozog‘istonning amaldagi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev to‘liq hokimiyatga ega. Elboshi Prezident vakolatini 2019 yilda topshirgan.
“Men 2019 yilda Prezident vakolatini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdim va shundan beri pensioner hisoblanaman. Ayni vaqtda esa Qozog‘iston poytaxtida ta’tildaman va hech qayerga ketganim yo‘q.
Prezident Qosim-Jomart To‘qayev to‘liq hokimiyatga ega va u Xavfsizlik kengashi raisi. Tez orada u “Nur-Otan” partiyasi raisi etib saylanadi. Mamlakat elitasi o‘rtasida hech qanday qarama-qarshilik va mojaro yo‘q. Bu boradagi mish-mishlar mutlaqo asossiz”, deydi Nazarboyev.
To‘qayev Nazarboyevning so‘nggi lavozimini ham egallaydi
Qozog‘istonning hukmron “Nur-Otan” partiyasi favqulodda qurultoy chaqirdi. Unda siyosiy birlashmaning raisi Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev o‘rniga amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev saylanishi kutilyapti.
Rossiya Ukrainadan diplomatlarini evakuatsiya qilmoqchi – NYT
Rossiyaning Ukrainadagi ikki konsulligi diplomatlariga mamlakatni tark etishga tayyorlanish buyurildi. Bu haqda “The New York Times” gazetasi Ukraina xavfsizlik xizmatining yuqori lavozimli amaldoriga tayanib xabar bergan.
Shu bilan birga, nashr manbasining ta’kidlashicha, joriy yilning 5 yanvar kuni Ukrainani 18 kishi — asosan rossiyalik diplomatlarning bolalari va xotinlari tark etgan. Yaqinda Kiyev va Lvovdagi konsulliklarni yana 30 ga yaqin odam tark etishi qo‘shimcha qilingan.
AQSH rasmiysining aytishicha, Vashington yaqinlashib kelayotgan evakuatsiyadan xabardor.
Sport
Ronaldu va Messi “The Best” uchun kimlarga ovoz berdi?
FIFA 2021 yilning eng yaxshi futbolchisi sovrini uchun berilgan ovozlar natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra ovoz berishda ikkinchi o‘rinni egallagan Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi birinchi o‘ringa Neymarni (5 ochko), ikkinchi pog‘onaga Kilian Mbappeni (3 ochko) qo‘ygan. Har ikki futbolchi ham uning PSJdagi sheriklari hisoblanadi. Shuningdek, “Real” hujumchisi Karim Benzemani (1 ochko) 3-o‘ringa qo‘ygan.
Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu esa yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida Robert Levandovskini tanladi. “Manchester Yunayted” vingeri “Chelsi” yarim himoyachisi Ngolo Kanteni ikkinchi, uning jamoadoshi Jorjinoni esa uchinchi o‘ringa joylagtirgan.
“The Best” uchun O‘zbekiston nomidan kimlar ovoz berdi?
Avvalroq, FIFA 2021 yilning eng yaxshi futbolchisi uchun ovoz berish natijalarini e’lon qilgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur marosimda eng yaxshi futbolchini nomini aniqlash uchun, O‘zbekiston nomidan ovoz berish jarayonida MTJ bosh murabbiyi sardori Srechko Katanets, terma sardori Eldor Shomurodov hamda O‘FA matbuot va media departamenti rahbari Davron Fayziyev ishtirok etdi.
Eronlik bokschi o‘limga hukm qilindi
Boks bo‘yicha Eron Islom Respublikasi chempioni Muhammad Javod Vafoi 2019 yilgi norozilik namoyishlarida ishtirok etgani uchun o‘limga hukm qilindi. U hukumat binolariga o‘t qo‘yish va ularni vayron qilishda aybdor, deb topildi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari rasmiylarni uning hayotini saqlab qolishga chaqirishdi va Twitter’da “SaveMohammadJavad” xeshtegi paydo bo‘ldi.
Eronda taqiqlangan Xalq Mujohidlari (MEK) muxolifat guruhining siyosiy qanoti Eron Milliy Qarshilik Kengashi (NCRI) bayonotida, unga qarshi ayblovlar MEK’ni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olganini ta’kidladi.
Live
Barchasi