Kanada Rossiya mahsulotlaridan voz kechyapti

Olam

image

Kanadadagi supermarketlar tarmog‘i Ukrainadagi “harbiy amaliyot” tufayli Rossiya Federatsiyasiga qarshi joriy etilgan sanksiyalar fonida Rossiyada ishlab chiqarilgan tovarlarni peshtaxtalardan olib tashlamoqda. Bu haqda Kanadaning “Globe and Mail” gazetasi xabar bergan.  

Choralar kvas, kungaboqar urug‘lari va zefir kabi “Rossiyada ishlab chiqarilgan” mahsulotlarga tegishli. Chakana sotuvchilar Kanadaning ko‘plab hududlarida Rossiya Federatsiyasidan aroq savdosi to‘xtatilganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya mahsulotlarini olib tashlashga qaror qilgan. 

Sobeys, Safeway va FreshCo oziq-ovqat tarmoqlariga egalik qiluvchi Empire Company Ltd. mart oyi boshida Rossiya mahsulotlarini olib tashlashni boshlagan. 

Yana bir tarmoq Metro Inc. ham shu oy boshida Rossiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishni to‘xtatgan. 

“Gap 10 ga yaqin mahsulot haqida ketmoqda. Bu va shunga o‘xshash imo-ishoralar ramziy ma’noga ega va Rossiya iqtisodiyotiga katta tasir ko‘rsatmaydi”, deb yozadi gazeta. 

Shuningdek, Kanadaning Loblaw Companies sotuvchisi rus tovarlari qayta buyurtma qilinmasligini aytmoqda. 

“Ular javonlarda yo‘q”, deydi do‘konlar tarmog‘i Matbuot kotibi Ketrin Tomas.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

12

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing