Kaxovka GESining portlashi ortida kim turibdi?

Olam

image
Ukrainada to‘g‘on portlatildi. Aybdor kim? (video) north_east

Ukrainada to‘g‘on portlatildi. Aybdor kim? (video)

Kecha, 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘oni portlab ketdi. Buning oqibatida GES vayron bo‘ldi va hududdagi 3 ta aholi punktini suv bosdi. Bundan tashqari, vayronagarchilik ortidan stansiyadagi 450 tonnadan ortiq mashina moyi ham suvga oqib ketdi. Bu esa ekologik muammoni ham keltirib chiqarishi mumkin. Shunday dahshat kimning qo‘li bilan qilinganiga esa hali ham aniq javob yo‘q. Tomonlar (Rossiya va Ukraina) bu ishda bir-birini ayblashda davom etmoqda va ikkalasi ham o‘z “dalillari”ni e’lon qilmoqda.

Xususan, Rossiya tomoni GES Ukraina kuchlari tomonidan o‘qqa tutilganini aytmoqda. Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning da’vo qilishicha, Ukraina Qurolli Kuchlari Kaxovka GESini buzish maqsadida o‘z bo‘linmalari va texnikasini Xerson yo‘nalishidan hujum operatsiyalari hududiga o‘tkazgan. Undagi mavjud ma’lumotlar Dnepropetrovsk GESida ham suv oqimi sezilarli darajada oshganini, bu esa hududlarni yanada ko‘proq suv bosishiga olib kelishini ko‘rsatgan. 

“Bu fakt Kiyev rejimi tomonidan oldindan rejalashtirilgan keng ko‘lamli sabotajdan dalolat beradi”, deydi Shoygu.

Vazirning qayd etishicha, Ukraina Qurolli kuchlari Dneprning o‘ng qirg‘og‘i mudofaasiga o‘tmoqda, bu uning shu yerda mudofaaga o‘tish niyatidan dalolat beradi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Moskva oldindan Kiyevning Kaxovka GESini yo‘q qilish rejalari haqida xabardor bo‘lganini da’vo qilgan. Uning aytishicha, Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya 2022 yilning kuzida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishni Kiyevning Kaxovka GESini yo‘q qilish rejalari haqida ogohlantirgan. U o‘zining Telegram-kanaliga Nebenzyaning 2022 yil 21 oktyabrdagi xatini joylashtirib, Guterrishga “bu yog‘i nima bo‘ldi endi” qabilida e’tiroz bildirgan. 

Biroq Ukraina tarafi mutlaqo boshqacha ssenariyni taqdim etmoqda. “Ukrgidroenergo” kompaniyasi Kaxovka GESi ichkaridan sodir bo‘lgan portlash oqibatida buzilganini aytmoqda. Mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham GES Rossiya nazorati ostida bo‘lgani, stansiya rossiyalik harbiylar tomonidan minalanganini ta’kidlagan.

“Afsuski, bir yildan ortiq vaqt davomida to‘g‘onni ham, Kaxovka GESini ham Rossiya nazorat qilmoqda. Uni qandaydir tarzda tashqaridan – o‘q otish orqali portlatish – jismonan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. U rus bosqinchilari tomonidan minalangan va ular tomonidan portlatilgan”, deydi Zelenskiy Buxarest to‘qqizligi sammitidagi (Slovakiya, Polsha, Chexiya, Vengriya, Litva, Bolgariya, Estoniya, Ruminiya, Latviya) nutqida. 

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi tufayli Yevropada so‘nggi o‘n yilliklardagi eng katta texnogen ekologik ofat yuzaga kelgan. Zelenskiy Moskvani sivilizatsiya, tabiat va hayotga qarshi kurashayotgani, endi esa shafqatsiz ekotsidda aybdor ekanini aytgan. 

“Dunyo bunga munosabat bildirishi kerak. Rossiya Ukraina tuprog‘ini tark etishi va terrori uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.

Ba’zi G‘arb davlatlari va xalqaro tashkilotlar Ukrainaga qo‘shilib Rossiyani GESdagi portlash uchun ayblagan. Masalan, Germaniya kansleri Olaf Shols Kaxovkadagi portlash Prezident Vladimir Putinning uslubiga mos kelishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya harbiylari Ukrainadagi shaharlar, qishloqlar, shifoxonalar, maktablar va boshqa fuqarolik infratuzilmalariga zarbalar bermoqda. Bu ham shu kabi Ukrainada Rossiya harbiylari tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning bir qismi. Siyosatchining bildirishicha, Kaxovka GESiga qilingan hujum Ukrainani moliyaviy va qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatgan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg esa Kaxovka GESi to‘g‘onining vayron bo‘lishi Rossiyaning Ukrainadagi urushining shafqatsizligini yana bir bor ko‘rsatganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 iyun kuni Ukrainaning Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘oni portlatib yuborilgandi. Kiyev va Moskva bir-birini to‘g‘onni portlatganlikda va Ukraina janubida keng ko‘lamli suv toshqiniga sabab bo‘lganlikda aybladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashini chaqirtirdi. Kengash to‘g‘on portlatilishi yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishni taklif qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina to'g'on Kaxovka Kaxovka GESi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing