Qozog‘iston va O‘zbekistonda sodir bo‘lgan voqealar bunga misol – Lukashenko MDHda provokatsiyalar boshlanishini aytdi
Olam
−
14 Oktabr 2022
9657G‘arb strateglari Yevroosiyo makonini ta’sir sektorlariga bo‘lib, MDH davlatlaridan xomashyo va sanoat qo‘shimchalari sifatida foydalanmoqchi, shuning uchun Hamdo‘stlik a’zolari provokatsiyalarga tayyor bo‘lishi kerak. Bunday fikrni Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko bugun, 14 oktyabr kuni MDH davlatlari rahbarlarining Ostonada o‘tayotgan sammitida aytib o‘tdi.
“O‘ylashimcha, bu yerda hamma G‘arb strateglarining asl maqsadlari ancha kengroq – Yevroosiyo makonini ta’sir sektorlariga bo‘lish va mamlakatlarimizdan xomashyo va sanoat qo‘shimchalari sifatida foydalanish ekanini tushunyapti. Biz MDHning butun perimetri bo‘ylab turli xil provokatsiyalarga tayyor bo‘lishimiz kerak. Yaqinda Qozog‘iston va O‘zbekistonda sodir bo‘lgan voqealar bunga ishonarli va juda ibratli misoldir. Lekin bu faqat boshlanishi. Hamma chidamlilik uchun sinovdan o‘tadi”, deydi Lukashenko.
U so‘zida davom etib, MDH davlatlariga qarshi gibrid urush boshlanganini aytdi.
“Afsuski, biz uzoq yillar davomida gapirgan narsamiz amalga oshdi, haqiqatga aylandi. Barchamizga qarshi haqiqiy gibrid urush boshlandi. Ukraina esa bu yerda shunchaki bahona. Ayrim mamlakatlarning o‘tgan asrdagi boy berilgan yurishlar uchun qasos olish rejalari, siz bilganingizdek, Ulug‘ Vatan urushidagi (Ikkinchi jahon urushi) g‘alabadan keyingi dastlabki kunlardan boshlab, balki undan ham oldinroq boshlangan”, deydi Lukashenko.
Lukashenkoga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya va Belarus iqtisodiy va moliyaviy hujumlar duchor bo‘lyapti.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
LiveBarchasi