“Toshingni ter”. Lukashenko Trampning Belarusdan kaliy xaridiga fikr bildirdi
Olam
−
10:48 2273 2 daqiqa
AQSH Belarusdan kaliyli o‘g‘itlar xarid qilish bo‘yicha “yirik kelishuv” ustida ishlamoqda. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 21 sentyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
“Buning narxi biz Kanadaga to‘layotgan narxdan ancha past bo‘ladi. Bu fermerlarimiz va chorvadorlarimiz uchun juda yaxshi yangilik”, deb yozgan Tramp.
Biroq Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Trampning bayonotidan bir necha soat oldin mamlakat G‘arb bozorlariga kaliy yetkazib berish uchun yetarli hajmga ega emasligini aytgan.
“Biz Sharqqa qayta yo‘naltirishga muvaffaq bo‘ldik. Bunga amerikaliklar bilan olib borayotgan muzokaralarimiz ham dalil. Bu yerda ko‘p odamlar: “Voy, kaliyli o‘g‘it!” deb baqirishmoqda. Agar biz boshqa bozorlarga, G‘arb bozorlariga yetkazib berishni xohlasak ham, bizda bunday hajm yo‘q, hammasi shartnoma asosida band qilingan”, degan Lukashenko.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Belarus Kanada, Rossiya va Xitoy qatorida dunyodagi eng yirik kaliyli o‘g‘it ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Biroq mamlakatning G‘arb bozorlariga kaliy yetkazib berish imkoniyati uzoq vaqt davomida xalqaro sanksiyalar bilan cheklangan.
Ushbu sanksiyalar 2020 yilda Belarusdagi namoyishlarning bostirilishi va Lukashenko rejimining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi ishtiroki sababli joriy etilgan. Donald Tramp AQSH Prezidenti sifatida ikkinchi muddatga qaytganidan keyin Vashington Lukashenko bilan munosabatlarni yaxshilashga kirishgan. Shu jarayonda Belarusning kaliy sanoatiga nisbatan AQSH sanksiyalari ham bekor qilingan. Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi Belarus kaliyi importiga qo‘yilgan cheklovlarni saqlab qolmoqda.
AQSH kaliyli o‘g‘itlarni asosan chetdan sotib oladi. Mamlakat import qiladigan kaliyning qariyb 80 foizini Kanadadan, yana 12 foizini Rossiyadan oladi. Hozir esa AQSH Kanada bilan navbatdagi savdo mojarosini boshdan kechirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH savdo muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so‘ng Kanadaning ayrim tovarlariga 50 foizlik boj joriy qilgandi. Bunga javoban, Kanada AQSHning yangi bojlariga javoban 700 ga yaqin turdagi Amerika mahsulotlariga qo‘shimcha boj joriy qilgan.
Live
BarchasiPutin To‘qayev bilan ham telefonlashdi
21 sentabr
Qashqadaryoda 2300 yillik ossuariy topildi
21 sentabr