Qozog‘iston va O‘zbekiston raqib emas, ittifoqchi – To‘qayev
Jamiyat
−
15 noyabr 3858 3 daqiqa
Bugun, 15 noyabr kuni Qozog‘iston va O‘zbekiston Prezidentlari Ko‘ksaroy qarorgohida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun qo‘shma brifing o‘tkazdi. Unda To‘qayev ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar va hamkorlik haqida fikr bildirdi.
Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga hamda butun o‘zbek xalqiga Qozog‘iston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildirgan.
“Qozoqlar va o‘zbeklar qadimdan umumiy ildizlarga ega bo‘lgan birodar xalqlar va do‘st qo‘shnilar. Turmush tarzimiz, urf-odatlarimiz, madaniyatimiz, mentalitetimiz va tillarimiz ko‘p jihatdan o‘xshash. Tarixiy yo‘llarimiz ham chambarchas bog‘langan. Ana shu muqaddas qadriyatlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida oliy darajadagi konstruktiv va faol siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan, savdo-iqtisodiy aloqalar yil sain mustahkamlanmoqda”, deydi To‘qayev.
Uning bildirishicha, mamlakatlar o‘rtasida sanoat sohasida katta salohiyatga ega investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlararo hamkorlikni kengaytirish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga alohida ahamiyat beriladi. Bundan tashqari, ikki davlatning madaniy-gumanitar aloqalari chuqurlashmoqda. Ushbu tashrifning bosh maqsadi birodar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va natijada qozoq-o‘zbek munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish.
To‘qayevning fikriga ko‘ra, erishilgan kelishuvlar ikki xalqning asl manfaatlariga to‘la mos keladi va qozoq-o‘zbek do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi, strategik sherikchiligi hamda ittifoqchiligining sobitligini ko‘rsatadi.
“Qozog‘iston Prezidenti sifatida O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berish burchim deb bilaman. Shuni ta’kidlamoqchimanki, turli “ekspertlar”ning uydirmalariga qaramay, Qozog‘iston va O‘zbekiston aslo raqib ham, hatto raqobatchi ham emas, balki strategik hamkorlar, ishonchli ittifoqchilardir. Ikkala xalq biri-biriga chinakam birodar, yaqin do‘st, bir-biriga hurmat bilan qaraydi”, deydi To‘qayev.
U Shavkat Mirziyoyevning kuchli rahbarligi ostida O‘zbekiston ko‘plab sohalarda ulkan natijalarga erishganini, dunyo tomonidan muvaffaqiyatli rivojlanayotgan davlat sifatida e’tirof etilganini aytgan.
“Keng ko‘lamli islohotlar natijalari iqtisodiyotning barqaror o‘sishida, aholining farovonligi oshishida, shaharlarning jadal rivojlanishida va barcha sohalarning sifatli taraqqiy etishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston xalqaro maydondagi ta’sirini sezilarli darajada kuchaytirdi, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik hamkorligiga muhim hissa qo‘shmoqda. Qozog‘istonda birodar o‘zbek xalqining yutuqlariga chin dildan quvonadilar”, deydi To‘qayev.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgandi. U yangi “Toshkent-Humo” aeroportiga qo‘ngan ilk xorijiy davlat yetakchisi bo‘ldi. Aeroportda To‘qayevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari o‘sha yerda suhbat o‘tkazdi. Bugun, 15 noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasidagi tor doirada muzokaralar o‘tkazdi. Shu yerda videokonferensiya rejimida qo‘shma loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida Qosim-Jomart To‘qayevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart To‘qayev Qo‘shma bayonot imzoladi.
Live
Barchasi