Mirziyoyev To‘qayevni mukofotladi
Jamiyat
−
15 noyabr 3466 3 daqiqa
Bugun, 15 noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev mukofotni topshirar ekan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining ikki qardosh xalq o‘rtasida do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi ulkan shaxsiy xizmatlarini alohida qayd etdi.

“Sizni, mamlakatimizga katta do‘st bo‘lgan ardoqli zotni, O‘zbekistonning eng yuksak davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan tantanali ravishda taqdirlash men uchun katta sharafdir. Bu – ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining ulkan xizmatlariga bo‘lgan samimiy hurmat va e’tirof ifodasidir. Bizning yurtimizda Sizni dunyoga mashhur, taniqli davlat arbobi va siyosiy yetakchi sifatida yaxshi bilishadi. Bugun Sizning oqilona rahbarligingiz ostida Adolatli Qozog‘istonni barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Barcha sohalarda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Qozog‘istonliklarning farovonligi izchil oshmoqda va eng muhimi – ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmoqda. Biz yaqin do‘st va qo‘shni sifatida Qozog‘istonning yutuqlaridan chin dildan xursandmiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi taraqqiyot darajasiga chiqib, namunali ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, parlamentlar, hukumatlar, hududlar, biznes, jamoatchilik va yoshlar faol hamkorlik qilmoqda, madaniy va gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda, savdo aylanmasi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va transport sohalarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Qosim-Jomart To‘qayevning global miqyosda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash, shuningdek, mintaqada ishonch, o‘zaro hamjihatlik va sheriklik muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.
Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekiston rahbari va O‘zbekiston xalqiga bunday yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirdi hamda qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqchilik ruhidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

“Bu yuksak mukofot do‘stlik, tinchlik va hurmat g‘oyalarini mujassam etgan bo‘lib, ular qozog‘istonliklarning qalbiga yaqin va o‘zbek xalqi ruhiga mos qadriyatlardir. Ordenning nomi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning mohiyatini to‘la aks ettiradi. Qozog‘iston va O‘zbekiston do‘stligi – bu bebaho boylik bo‘lib, biz uni birodar xalqlarimizning farovonligi uchun ehtiyotkorlik bilan asraymiz va rivojlantiramiz. Ishonchim komilki, qo‘shma va tinimsiz sa’y-harakatlarimiz tufayli qozoq-o‘zbek strategik sherikchiligi va ittifoqchiligi yangi mazmun bilan boyib boradi. Buyuk Abay va Navoiy do‘stlik g‘oyalarini har biri o‘ziga xos tarzda ulug‘lab, bizga bebaho vasiyat qoldirgan: ishonch xalqlarni yaqin qiladi, o‘zaro hurmat esa ularni kuchli qiladi. Ana shu nasihatlarga amal qilgan holda, biz O‘zbekiston bilan do‘stona ittifoqimizni mustahkamlashga alohida ahamiyat beramiz”, dedi Qosim-Jomart To‘qayev.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgandi. U yangi “Toshkent-Humo” aeroportiga qo‘ngan ilk xorijiy davlat yetakchisi bo‘ldi. Aeroportda To‘qayevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari o‘sha yerda suhbat o‘tkazdi. Bugun, 15 noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasidagi tor doirada muzokaralar o‘tkazdi. Shu yerda videokonferensiya rejimida qo‘shma loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Live
Barchasi