Qoraqalpog‘istonlik deputatlar Mirziyoyevga tartibsizliklar bo‘yicha murojaat yo‘lladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari O‘zbekiston Prezidentidan joriy yilning 2 iyulida Nukus shahrida tartibsizlik uyushtirganlarni afv qilishni so‘radi. Bu haqda ayni paytda “Yangi O‘zbekiston” gazetasi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, bugun, 20 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining XXXI sessiyasi bo‘lib o‘tgan.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2 iyuldan joriy etilgan favqulodda holatni bekor qilish va ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda gumonlangan aybsiz fuqarolarni, xususan, yoshlarni afv etish yuzasidan deputatlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaatini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, sessiyada deputatlar, mahalla faollari, tuman hokimlari so‘zga chiqib, bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz voqealarga o‘z munosabatini bildirgan va Qoraqalpog‘iston xalqining bugungi kayfiyati xususida fikrlarini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Joriy yilning 15 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzildi. Unga Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova raislik qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston

Baholaganlar

364

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing