Qorabog‘ ishiga Guterrish aralashdi. Bu safar BMTning qo‘lidan nima keladi?

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari bilan muloqot o‘tkazadi. Guterrish ularga Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni to‘xtatish kerakligini aytadi. Bu haqda BMT Bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik ma’lum qildi.

"Bosh kotib har ikki tomonni ham zudlik bilan jangovar harakatlarni to‘xtatish, ziddiyatlarni pasaytirish va muzokaralarga qaytishga chaqiradi", dedi Dyujarrik. 

Bayonotda, shuningdek, Guterrish Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatdan nihoyatda xavotirda ekanligi aytilgan. U kuch ishlatilishini qoralagan, jarohatlanganlar borligidan esa afsusda, deb ta’kidlangan xabarda. 

Bosh kotib Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Minsk guruhi hamraislarining harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Shuningdek, u mojaro tomonlarini "muloqotni zudlik bilan tiklash maqsadida ular bilan yaqin muvofiqlikda ishlashga" chaqirgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston tomoni ham Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlikning oshishi O‘zbekistonda jiddiy tashvish uyg‘otayotganini aytgandi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari kecha, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yetmish beshinchi sessiyasida chiqish qilgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston xalqaro hujjatlarga zid ravishda o‘t ochish sulhini keskin buzib kelayotgani, tahdid qilayotganini aytib, Yerevan Bakuga urush ochish taraddudida turganini ochiqlagandi. Bunga javoban 25 sentyabr kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan chiqish qilib, Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ hududi bo‘yicha bir taraflama muzokara va murosa tarafdori bo‘layotgani, biroq bu Yerevanning manfaatlariga mos emasligi, Ozarbayjonning talabi bilan hammasini boshidan boshlash esa, yangi urush ochishga sabab bo‘lishini aytgandi


Maqola muallifi

Teglar

BMT Tog'li Qorabog' Antoniu Guterrish Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

146

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing