Bolalarni himoya qilish ertaga emas, bugundan boshlanadi – Shahnoza Mirziyoyeva

Jamiyat

−

image

Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti davom etmoqda. Unda turli mamlakatlarning birinchi xonimlari, BMT, UNICEF, Jahon banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalarning yuqori martabali vakillari ishtirok etyapti.

Tadbirda so‘zga chiqqan Shahnoza Mirziyoyeva bolalar farovonligi, ularning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash har bir mamlakatning muhim vazifasi ekanini ta’kidladi.

“Bolalar – bizning kelajagimiz”, degan gapni ko‘p takrorlaymiz. Ammo o‘zim ona bo‘lganimdan keyin bu iboraning ma’nosini yanada teranroq anglay boshladim. Chunki ota-ona uchun farzand shunchaki kelajak emas. Farzand – bugungi kunimiz”, deydi u.

Shahnoza Mirziyoyeva bolalarni himoya qilish, avvalo, ularning yonida yordam beradigan va xavfsizligini ta’minlaydigan inson bo‘lishidan boshlanishini qayd etgan.

Uning aytishicha, raqamli olamning kengayishi, dunyodagi beqarorlik va ziddiyatlar bolalar hamda oilalar xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu muammolarni hal etish uchun hukumatlar, biznes vakillari, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar hamkorligini kuchaytirish zarur.

“Birgalikda zo‘ravonlikka nisbatan mutlaqo murosasizlik va har bir bolaga so‘zsiz hurmat tamoyillariga asoslangan yangi madaniyatni shakllantirishimiz mumkin. Bugun bolalarimizning baxti, salomatligi va xavfsizligi bizning qo‘limizda. Shuning uchun bolalar oldidagi mas’uliyatimiz ertaga emas, aynan bugundan boshlanadi”, deydi Shahnoza Mirziyoyeva. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti doirasida og‘ir xastalikka chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq tuzilgani e’lon qilinib, unga Ziroat Mirziyoyeva ikki yil muddatga rais bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing