Guterrish dunyoni qamrab olgan namoyishlar sababini aytdi

Olam

−

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Yevropa va boshqa mintaqalarni qamrab olgan norozilik namoyishlari chog‘ida sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlarini qoraladi va noroziliklar sababini urushlarning iqtisodiy oqibatlari bilan bog‘ladi. Bu haqda u kecha, 22 oktyabr kuni Nyu-Yorkda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida gapirdi.

Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat, yoqilg‘i va boshqa birinchi ehtiyoj mollari qimmatlashmoqda, foiz stavkalari – ham fuqarolar, ham davlatlar uchun oshib bormoqda. Yoshlarning yaxshiroq kelajakdan umid qilishi borgan sari qiyinlashmoqda.

“Ko‘chalarda biz ko‘rgan zo‘ravonlik va vayrongarchiliklarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Jinoiy harakatlarda aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak”, deydi Antoniu Guterrish.

Shu bilan birga, u tinch namoyishchilarning e’tirozlari dunyoni qamrab olgan g‘alayonlar bilan qanchalik chambarchas bog‘liqligini tushunishga chaqirgan.

BMT Bosh kotibi sodir bo‘layotgan voqealarni El-Nino – sayyoraning bir qismida yuzaga kelib, minglab kilometr uzoqlikdagi odamlar hayotini ostin-ustun qilib yuboradigan iqlim hodisasiga qiyoslagan.

“Nizo boshqa bir nizoni oziqlantiradi. Oqibatlari esa yanada uzoqroqqa va tezroq tarqaladi”, deydi u.

Antoniu Guterrish Yaqin Sharq, Ukraina va Sudanda tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi hujumlarga uchrayotganini eslatib o‘tgan. U bunday hujumlar xalqaro huquq tomonidan taqiqlanganini va to‘xtatilishi kerakligini ta’kidlagan.

“Shu bilan birga, ushbu g‘alayonlar chuqur tengsizlik ildiz otgan dunyoga yopirilmoqda. Unda ba’zilar tovarlar va xizmatlarni yuqoriroq narxlarda sotib olishga qurbi yetsa, boshqalari ovqat va isitish tizimi o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda. Ba’zi mamlakatlar manfaatli shartlarda qarz olayotgan bo‘lsa, boshqalari qarzga xizmat ko‘rsatish va sog‘liqni saqlash hamda ta’limga sarmoya kiritish o‘rtasida tanlov qilishga majbur.

Urushning o‘zi ushbu tengsizlikni keltirib chiqarmaydi, biroq uni oziqlantiradi va eng og‘ir zarbalarni eng ojiz qatlamlar o‘z zimmasiga oladigan iqtisodiy tizimning adolatsizligini fosh etadi”, deb qayd etgan Bosh kotib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hamma joyda odamlar xavfsizlikni, munosib hayotni, hukumatlar va xalqaro institutlar o‘z majburiyatlarini bajarishini xohlaydi. Buning uchun jamiyatlarni parchalab tashlayotgan tengsizlikni yengib o‘tish va nizolarni to‘xtatish zarur.

Eslatib o‘tamiz, ayni kunlarda Fransiya, Albaniya, Italiya, Serbiya, Gretsiya va yana bir qancha davlatlarda norozilik namoyishlari davom etmoqda. Ular ta’lim, yashash xarajatlarining balandligi, jumladan, yoqilg‘i narxlarining oshganidan norozi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing