Ostona tergovi Baku va Moskva munosabatlari taqdirini hal qiladi
Tahlil
−
06 yanvar
7020Ortda qolgan yilning 25 dekabrida Qozog‘iston hududida halokatga uchragan Ozarbayjon aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyotining "qora quti"lari tahlil qilish uchun Braziliyaga yetkazildi. Aeronavtika bo‘yicha mutaxassislar allaqachon mazkur samolyotning "qora quti"laridagi ma’lumotlarni tahlil qilishni boshlagan. Baku va Moskva o‘rtasida o‘zaro ziddiyatga sabab bo‘lgan halokat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Ushbu jarayonda ayni damda Qozog‘istondan uch nafar tergovchi, Ozarbayjon va Rossiya agentlari qatnashmoqda. Ular havo halokatlarini tekshirish va oldini olish markazida yig‘ilgan bo‘lib, mazkur tergov jarayoniga Braziliya ham ko‘maklashayotgani ma’lum qilindi.
"Qora quti" nimalarni ochiqlaydi?
Samolyot halokati haqida barcha narsani “so‘zlovchi” qutini okean ortiga yuborish qarori o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Birinchidan, Embraer 190 samolyoti Braziliyaning Embraer S.A. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham yaqinda “Ana tili” gazetasiga bergan intervyusida aviahalokat bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi registratorlarni dekodlash uchun kema ishlab chiqarilgan Braziliyaga yuborishga qaror qilganini aytgandi. Uning fikricha, bu tergovning xolisligini ta’minlovchi yagona to‘g‘ri qarordir. Shuningdek, Chikago konvensiyasiga ko‘ra, aviatsiya hodisasi bo‘yicha tergovni amalga oshiruvchi mamlakat "qora quti"ni tahlil qilish uchun davlat tanlash huquqiga ega. Uni Braziliyaga yuborish qarori Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tavsiyalari, hamda Rossiya va Ozarbayjon bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijasida qabul qilingan. Bildirilishicha, mazkur qaror "qora quti"ni tahlil qilish jarayonining yuqori darajada ishonchliligini va samolyot ishlab chiqaruvchisi tajribasidan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan. Shunday qilib, Braziliyada joylashgan aviahalokatlarni tekshirish va oldini olish markazida texnik xodimlar "qora quti"lardan ma’lumotlarni ajratib olish va tahlil qilish ustida ishlashni boshlab yuborgan. "Qora quti"ning tahlillari uchuvchilarning ovoz yozuvlari va samolyotning qulashigacha bo‘lgan holati haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritish imkonini beradi. Ayni damda Braziliyada o‘tkazilayotgan tekshiruv natijalari Qozog‘iston rahbarligida olib borilayotgan tergov yakuniy hisobotida e’lon qilinishi aytilmoqda.
“Texnik ma’lumotlar favqulodda qo‘nish vaqtida yuzaga kelgan nosozliklar, shuningdek, Bakudan Grozniyga uchgan Ozarbayjon havo yo‘llari reysi yo‘nalishidagi o‘zgarishlarni tushuntirishga yordam beradi”, deyiladi xabarda.
Qozog‘iston Transport vaziri o‘rinbosari Talgat Lastayev Ozarbayjon aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyotining halokatga uchrashini tekshirish bo‘yicha tuzilgan Qozog‘iston hukumat komissiyasi 30 kun ichida tergovning dastlabki yoki oraliq natijalarini taqdim etishini bildirgandi. Vazir bu muddatni mazkur holat bo‘yicha mavjud standartlarga tayangan holda aytgandi. Bundan tashqari, Lastayev halokatga uchragan samolyot ikki soatlik xotiraga ega bo‘lgan registrator bilan jihozlanganini ma’lum qilib, hodisaning butun surati tergov jarayonida aniq bo‘lishini ta’kidlagandi. Agar Lastayev tomonidan aytilgan 30 kunlik muddatga ishonilsa, aviahalokat bo‘yicha tergov natijalari va u haqdagi haqiqatlar 30 yanvar kuni e’lon qilinadi. Ko‘p ehtimol, o‘sha kuni Ostonadan yangraydigan tekshiruv natijalari Ozarbayjon va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarning keyingi taqdirini belgilab beradi.
Putin bilan ham “yuqoridan turib” gaplashish mumkin
Aviahalokatdan ko‘p o‘tmay Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev voqea yuzasidan Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgandi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan davlat rahbari ungacha yetib kelgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot noqulay ob-havo tufayli yo‘nalishini o‘zgartirib, Aqtau tomon uchganini aytdi. Biroq keyinchalik dastlabki tekshiruvlar paytida, aviahalokat sabablari orasida tashqi ta’sir izlari masalasi o‘rtaga chiqqach, bu hodisa chinakam siyosiy keskinlik darajasiga ko‘tarildi. Dastlab “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidladi. Shundan so‘ng, Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Biroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi. Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi. Ular har qanday holatda Rossiyadan aybdorlarni topish va ularni jazolashni talab qildi.
Nihoyat, 28 dekabrda Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘radi. Suhbat chog‘ida esa jadval bo‘yicha parvoz qilayotgan Ozarbayjon yo‘lovchi samolyoti Grozniy aeroportiga bir necha bor qo‘nishga uringani ta’kidlangan.
“Bu vaqtda Grozniy, Mozdok va Vladikavkaz Ukraina jangovar uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan hujumga uchradi va Rossiya havo mudofaa tizimlari bu hujumlarni qaytardi. Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 263-moddasi (harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi”, deyiladi xabarda.
Ammo Putin Ozarbayjondan kechirim so‘rash bilan qutulib qolmadi. Aliyev 29 dekabr kuni qulagan samolyot boshqaruvida bo‘lgan ekipaj a’zolarining vidolashuv marosimida Rossiya Ozarbayjondan kechirim so‘rashdan tashqari, o‘z aybiga iqror bo‘lishi, aybdorlarni jazolash, jinoiy javobgarlikka tortish va Ozarbayjon davlatiga, jarohatlangan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga tovon to‘lashi kerakligini ta’kidlagan. Aliyevga ko‘ra, bu Ozarbayjonning shartlari. Ulardan faqat kechirim so‘rash talabigina bajarildi, xolos.
“Bu bizning shartlar. Birinchisi kecha taqdim etilgan edi. Umid qilamanki, boshqa talablarimiz ham qabul qilinadi”, degan Aliyev.
Marosim chog‘ida Ozarbayjon rahbari aviahalokat sababini ham ochiqlab ketgan. Uning qayd etishicha, samolyot halokatining yakuniy sababi "qora quti"lar ochilgandan so‘ng ma’lum bo‘ladi, biroq Aqtauda halokatga uchragan samolyot “yerdan qilingan hujum tufayli” shikastlangan va ushbu versiyalar juda asosli va faktlarga tayanilgan.
“Faktlar shundan iboratki, fuqarolik samolyoti Rossiya hududida, Grozniy shahri yaqinida yerdan o‘qqa tutilgan va boshqaruvni deyarli yo‘qotgan. Shuningdek, biz bilamizki, samolyotimiz radioelektron kurash vositalari orqali boshqarilmas holga keltirilgan. Bu samolyotga yetkazilgan birinchi zarardir”, degan Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomoni rasmiy ravishda Ozarbayjonga Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi bu ishni o‘rganishini so‘rab taklif kiritgan. Rasmiy Baku esa bunga qat’iyan rad javobini bergan. Aliyev esa buning sababi sifatida quyidagilarni keltirgan:
“Chunki hech kimga sir emas, bu qo‘mita ko‘proq Rossiya amaldorlaridan tashkil topgan va qo‘mita boshida Rossiya fuqarolari turadi. Bu yerda ob’ektivlik omillari to‘liq ta’minlanmasligi mumkin edi. Agar avariya sodir bo‘lgan zahoti biz Rossiya tomonidan adolatli va adekvat qadamlarni ko‘rganimizda, ehtimol bunga qarshi chiqmagan bo‘lardik. Ammo biz ko‘rdikki, bu yerda masalani yashirishga urinishlar ochiq-oydin ko‘rinib turibdi”, deydi Aliyev.
Embraer va uning halokatlar tarixi
Embraer dunyodagi yetakchi regional va biznes-aviatsiya samolyotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri bo‘lib, u 1969 yilda Braziliyada tashkil etilgan. Kompaniya o‘zining ko‘plab samolyotlarini 2002 yildan boshlab seriyali ishlab chiqara boshlagan. 2013 yildan esa dunyo bozoriga yangi avlod versiyalarini taqdim qila boshladi. Embraer’lar o‘zining yaqin tarixi davomida, aniqrog‘i 2000 yildan buyon 15 marotaba katta-kichik aviahodisalarga uchragan. Bu esa o‘rtacha har bir yarim yilda 1 ta avariya holati degani. Ammo mazkur aviahalokatlarning sabablariga qisqacha to‘xtalsa, hodisalar asosan ekipaj a’zolarining aybi bilan sodir bo‘lganini payqash qiyin emas. Bu halokatlarda Aqtaudagi aviahodisani ham qo‘shib hisoblaganda umumiy hisobda 117 kishi halok bo‘lgan. Aqtauda qulagan Embraer 190 samolyotining ham o‘ziga yarasha halokatlar tarixi bor. Masalan, Baku-Grozniy reysidagi dahshatli fojiagacha ushbu turdagi samolyot bundan bir necha yillar oldin ikki bor o‘ta jiddiy halokatlarga uchragan. Masalan, 2010 yil Xitoyning Henan Airlines kompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyoti Xarbindan Yichun Lindu aeroportiga amalga oshirgan reysining so‘nggi daqiqalarida yerga qulagan. U uchish-qo‘nish yo‘lagidan chamasi 1 km uzoqlikda halokatga yuz tutgan va unda mavjud 96 yo‘lovchining 44 nafari halok bo‘lgan. Ushbu voqeadan uch yil o‘tgach, 2013 yil noyabr oyida Mozambikdan havoga ko‘tarilgan yana bir Embraer 190 samolyoti Angolaga yo‘l oladi. Ammo u belgilangan manzilga yetib bora olmaydi va Namibiyadagi Bvabvata milliy bog‘ida halokatga uchraydi va bortdagi 33 kishining barchasi halok bo‘ladi. Yuqoridagi ikki halokat ham ekipaj a’zolarining xatosi bilan sodir bo‘lgan. Biroq Aqtaudagi aviahodisa katta ehtimol bilan ekipaj, qushlar yoki noqulay ob-havo oqibatida sodir bo‘lmadi. Agar bunday bo‘lganda halokatdan biroz vaqt o‘tib, Putinning sodiq xizmatkorlari Ozarbayjonga darhol ko‘mak taklif qilmas, postsovet davlatlari bilan munosabatlarda doim o‘zini bir bosh baland tutadigan Putin Aliyevdan kechirim so‘ramasdi. Xullas, nima bo‘lgan taqdirda ham asl haqiqatni rasman tasdiqlash uchun 30 yanvargacha kutish lozim. Barchasi shu kuni ma’lum bo‘ladi.
LiveBarchasi