Qozog‘istonda harbiylar qimor o‘ynagani uchun armiyadan haydaldi

Olam

image

Qozog‘istonda 2024 yil yetti nafar harbiy xizmatchi qimor o‘yinlarida ishtirok etgani sababli Qurolli kuchlar safidan bo‘shatildi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Harbiy politsiya bosh boshqarmasi profilaktika boshqarmasi boshlig‘i Ertay Yeralin ma’lum qildi.

Senatning ijtimoiy-madaniy rivojlanish qo‘mitasi deputatlari bilan uchrashuvda senator Talg‘at Junusov Mudofaa vazirligi vakiliga savol bilan murojaat qilgan. U qimor biznesi, lotereya faoliyati, sog‘liqni saqlash, davlat mehnat inspeksiyasi va boshqa sohalarga oid qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilgani haqida eslatgan.

“Xususan, “Harbiy xizmat va harbiy xizmatchining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasi 2-bandining 11-podpunkti 7-xatboshisiga harbiy xizmatchining qimor o‘yinlarida, pul yoki boshqa moddiy boyliklar bilan bog‘liq o‘yinlarda qatnashgan taqdirda, salbiy asoslar bilan harbiy xizmatdan bo‘shatilishi haqida tuzatish kiritildi. Ushbu choralar harbiylarning o‘z joniga qasd qilishining oldini olish uchun profilaktik usul sifatida qabul qilingan. Qimor o‘yinlariga moyil harbiy xizmatchilarga qanday choralar ko‘rilmoqda?” deb so‘ragan senator Junusov.

Ertay Yeralinning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonuniy cheklovlar 2024 yil 9 sentyabrdan kuchga kirgan. Shu bois armiyada qimor o‘yinlariga aralashgan harbiylarni aniqlash ishlari olib borilmoqda.

“Shu sababli, agar harbiy xizmatchilarning qimor o‘yinlarida qatnashgani aniqlansa, ularga nisbatan ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan choralar qo‘llaniladi. Biz muntazam ravishda mavzuli aksiyalar, profilaktika tadbirlarini o‘tkazmoqdamiz. Bu yil qimorbozlik bilan bog‘liq o‘z joniga qasd qilish holatlari qayd etilmadi. Menda bor ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yili 7 nafar harbiy xizmatchi qimor o‘yinlarida qatnashgani uchun Qurolli Kuchlardan bo‘shatilgan”, dedi Ertay Yeralin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston rasmiylari korrupsiyaning oldini olish maqsadida muntazam ravishda qamoqxonalarga sayohatga borishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, idoralar rahbarlari, tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari ekskursiyalarga taklif etilib, mansabdor shaxslarga tergov xonalari, jinoyatchilar uchun kameralar, mahkumlar yurish joylari ko‘rsatilmoqda. Shu kunga kelib ekskursiyalarda 2000 ga yaqin davlat amaldorlari qatnashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston armiya qimor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing