Bosh prokuror O‘zbekiston xalqiga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
21 mart
47118O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston xalqiga murojaat bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, bugungi kunda Prezident rahbarligida mamlakatdagi barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning tub mohiyati, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, xalqning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
Islohotlarning natijadorligini, odamlarning tinch va osuda hayot kechirishini ta’minlashda huquq-tartibot idoralarining zimmasida katta mas’uliyat bor. O‘tgan davrda barcha davlat va nodavlat idoralari va xalq bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar qilingan.
“Eng muhimi, bugun to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatda huquq-tartibotni mustahkamlash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki boshqa idoralar va keng jamoatchilikning umummilliy ishi va muhim vazifasiga aylandi. O‘z navbatida, oldimizda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham ko‘p ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz”, deydi Bosh prokuror.
Uning bildirishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining kengaytirilgan majlisida Prezident ham kelgusidagi dolzarb va muhim vazifalarni belgilab bergan. Shu nuqtai nazardan, tegishli idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish belgilab olingan.
Birinchidan, jinoyatlarning oldini olish, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etilgan.
“Endi barcha kuch va vositalarni, jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar qilamiz”, deyiladi xabarda.
Bu borada huquq-tartibot organlari hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlik yanada kuchaytiriladi, barcha sa’y-harakatlar samarali muvofiqlashtirib boriladi.
Har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga e’tibor kuchaytiriladi, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilinadi.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
“Jinoyatga jazo muqarrar”ligini ta’minlash, jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralari yanada kuchaytiriladi.
Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan alohida qarorlar asosida sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, manzilli tadbirlarni belgilash, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ikkinchidan, tergov sifati yanada oshiriladi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qaysi idorada bo‘lmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokurorlarning kundalik va qat’iy nazoratida bo‘ladi.
Tekshiruv va tergov harakatlarining har tomonlama, to‘liq, eng asosiysi, xolis va qonuniy o‘tkazilishini ta’minlashga, tergov xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
“Bu faoliyatga ilm-fan yutuqlari va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etamiz, sohani raqamlashtirish choralarini izchil ko‘rib boramiz. Eng asosiysi, odamlarning tergov idoralarida sarson bo‘lishiga, tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashiga, noqonuniy hibsga olinishi va javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslikning barcha choralarini ko‘ramiz” deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Shuningdek, ayblanuvchilarga ehtiyot chorasini qo‘llashda adolatni ta’minlash, himoya huquqini mustahkamlash, advokatlar faoliyatiga to‘sqinliklarni bartaraf etish prokurorlarning alohida e’tiborida bo‘ladi.
Uchinchidan, bundan buyon prokuratura organlarining eng yuqori tizimidan quyi bo‘g‘inigacha, umuman, barcha kuch va vositalarimiz korrupsiyaga qarshi kurashishga to‘liq safarbar qilinadi.
Bu borada barcha davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqiladi, jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yo‘lidan boriladi.
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralari ko‘riladi.
Korrupsiyaga imkon berayotgan omillarni, tub sabablarni aniqlash uchun eng chekka hududlargacha boriladi, har bir sohaga chuqur kiriladi.
Ijtimoiy so‘rovnomalar, muloqot va uchrashuvlar tashkil qilib, xalqning e’tirozlari, fikr va takliflari doimiy o‘rganiladi.
“Shu orqali, soha va hududlardagi “korrupsiyaviy tuynuk”larni aniqlab, ularni tag-tomiri bilan yo‘q qilish bo‘yicha manzilli choralar ko‘ramiz. Bu borada tegishli vazirlik va idoralar bilan korrupsiyaviy omillarni birgalikda bartaraf qilish bo‘yicha yo‘l xaritalari va dasturlar ishlab chiqilmoqda, ularning ijrosi ham nazoratga olinadi”, deyiladi murojaatda.
Byudjet mablag‘lari, jumladan subsidiya va boshqa ko‘rinishdagi davlat ko‘magining sarflanishi, davlat xaridlari, xizmat ko‘rsatish jarayonlari, umuman, aholi ko‘p duch keladigan sohalarda turli suiiste’molchilik va byurokratik to‘siqlarning oldini olish, qonuniylikni ta’minlash diqqat markazida bo‘ladi.
Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, barcha sohalarni raqamlashtirish, inson omilini qisqartirish choralariga alohida mas’uliyat bilan yondashiladi.
Korrupsiyani fosh etishga doir hamkorlikdagi tadbirlarni ham yanada jadallashtiramiz, umuman, aholi va tadbirkorlarni, shu jumladan investorlarni jinoiy tajovuzlardan himoyalash uchun bor imkoniyatlar ishga solinadi.
Buning uchun, korrupsiyaviy holatlar haqida Bosh prokuraturaga tezkor xabar berish imkoniyatini beruvchi, tun-u kun ishlaydigan “Ishonch telefoni” va Telegram-bot ishga tushirilgan. Maxsus operatorlar guruhi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
“Albatta, bu vazifalarni bilimli, tashabbuskor, sadoqatli va bugungi islohotlar natijalariga daxldorlik hissi bilan yashaydigan xodimlar korpusi bilangina samarali amalga oshirish mumkin. Shu bois, xodimlarimizning bilimi, dunyoqarashi, ongu tafakkurini rivojlantirish, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish choralarini izchil davom ettiramiz”, deydi Bosh prokuror.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, prokuratura xodimlari, eng avvalo xalqning xayrixohligi, hamjihatligi va ko‘magiga tayanadi.
“Agarda har bir fuqaro jonajon vatanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan xoli, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz. Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur. Aziz yurtdoshlar, keling, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik”, deya murojaatini yakunlaydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
LiveBarchasi