Zelenskiy xizmat safaridagi Bosh prokurorni ishdan olishni talab qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radaga Ruslan Kravchenkoni mamlakat Bosh prokurori lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritdi. Bu haqda RBK-Ukraina xabar berdi.

Oliy Rada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Ruslan Kravchenkoni Bosh prokuror lavozimidan ozod etish bo‘yicha taqdimnomasini qabul qilib oldi. Hujjatni davlat rahbari 14 sentyabr kuni yuborgan. 

“Ukraina Konstitutsiyasi 85-moddasi birinchi qismining 25-bandi, 106-moddasi birinchi qismining 11-bandi hamda 131-1-moddasi uchinchi qismiga muvofiq, R. Kravchenkoni Bosh prokuror lavozimidan ozod etishga Ukraina Oliy Radasining roziligini berish to‘g‘risida taklif kiritaman”, deyiladi hujjatda.

“Sluga naroda” fraksiyasi rahbari David Araxamiya parlamentga Zelenskiyning Bosh prokurorni lavozimidan ozod etish haqidagi taqdimnomasi kelib tushganini tasdiqlagan.

“Yaqin soatlar ichida hujjat sohaviy qo‘mita majlisida ko‘rib chiqiladi, shundan so‘ng ertaga u parlamentning majlislar zalida muhokamaga olib chiqiladi”, deb qayd etdi u.

DW xabariga ko‘ra, Ukraina Bosh prokurori mamlakatni tark etib bo‘lgan. Kravchenko ham chet elda ekanini tasdiqlagan. Bu haqdagi bayonot u Milliy aksilkorrupsiya byurosi direktori Semyon Krivonosga nisbatan gumon e’lon qilgan chiqishidan bir yarim soat o‘tib paydo bo‘lgan.

“Hozirda xorijiy xizmat safaridaman, uning doirasida bir qator uchrashuvlar rejalashtirilgan. Ushbu uchrashuvlar davomida xalqaro sheriklarga aksilkorrupsiya organlari tizimidagi haqiqiy ahvol, ular tomonidan nazoratsiz ta’sirning to‘planish belgilari va bunday amaliyot davlat suvereniteti, qonun ustuvorligi hamda demokratik institutlar uchun yuzaga keltirayotgan xavf-xatarlar haqida axborot berish niyatidaman”, deydi Kravchenko.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuraturasi Bosh prokuratura idorasida firibgarlik bilan bog‘liq qo‘ng‘iroq markazlariga homiylik qilish bo‘yicha tergov davomida topilgan naqd pul solingan seyfning fotosuratini e’lon qilgandi. Keyinroq esa Ukraina Bosh prokurori Ruslan Kravchenko siyosiy qarama-qarshiliklar sababli iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza berganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing