O‘zbekiston va Qozog‘iston vazirlari Xivada uchrashdi (video)
Jamiyat
−
21 mart
2973Kecha, 20 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu Xiva shahriga amaliy tashrif bilan keldi, uning doirasida ikki davlat manfaatdor davlat organlari ishtirokida Qozog‘iston va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlari kengashining 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qozog‘iston TIV xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbir davomida ko‘p qirrali Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligining keng ko‘lamli masalalari, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, tranzit-transport, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning holati va yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilingan.
“Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va donoligi tufayli munosabatlarimiz ikki tomonlama hamkorlikning butun spektri bo‘yicha misli ko‘rilmagan yuksak bosqichga ko‘tarildi”, dedi Nurtleu.
Shuningdek, u oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhimligini qayd etdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ikki davlat Prezidentlari hamkorlikni ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama shakllarda izchil kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli yo‘nalish belgilab berganini tasdiqladi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va qurilish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib oldi.
Ma’lumki, bugungi kunda Qozog‘iston yillik tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari uchligi qatoridan joy oldi. Davlat rahbarlarining topshiriqlarini amalga oshirish maqsadida 2030 yilgacha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha avval imzolangan Dasturni amalga oshirish va “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini imkon qadar tezroq ishga tushirish muhimligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, tashqi siyosat idoralari rahbarlari Termiz shahridagi Ayritom EIZ hududida Qozog‘iston savdo pavilonining ochilishini olqishlab, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini kengaytirish istiqbollarini qayd etgan.
Shuningdek, transport va logistika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi. Tomonlar ikki davlat va butun mintaqaning tranzit-transport salohiyatini oshirish borasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Bildirilishicha, har ikki davlatga Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beruvchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yuk tashish hajmini oshirish va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda suv-energetika sohasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash rejalari muhokama qilindi. Bu boradagi hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi Qambaratin GES-1 qurilishi bo‘yicha uch tomonlama loyihani ilgari surishdir.
Vazirlar madaniy-gumanitar hamkorlikning yuqori dinamikasini saqlab qolish muhimligini ham qayd etdi. O‘tgan yili Ostona shahrida o‘zbek shoiri Alisher Navoiy haykali ochilgani, Toshkent kunlarining katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgani har ikki davlat jamoatchiligida ijobiy baholangan edi. Bir necha kun avval Olmaotada “Lazgi. Ko‘ngil va muhabbat raqsi” spektakli va atoqli rassom O‘rol Tansiqboyevning ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Tomonlar M.Auzov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining Chirchiq shahridagi filiallari hamda Olmaotadagi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining muvaffaqiyatli faoliyatini qayd etib, oliy ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashishga kelishib oldi. Turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, ikki davlat madaniy merosini ommalashtirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirlari kengashining birinchi yig‘ilishida savdo-sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika, suv xo‘jaligi munosabatlari va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan ikki mamlakat davlat organlarining ma’ruzalari tinglandi.
Vazirlar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha "soatlarni sinxronlashtirdilar". Ular ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida yanada yaqin hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar va bundan buyon ham ikki davlat tashabbuslarini ilgari surishda o‘zaro yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik, strategik sheriklik va ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini yuksak qadrlaymiz. Bugun biz ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Kengashining birinchi yig‘ilishi bayonnomasini imzoladik. Bu siyosiy muloqotimizni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish yo‘lidagi navbatdagi qadamdir. Qardosh davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan konstruktiv va samarali muhokamalar o‘tkazdik”, deb yozdi Baxtiyor Saidov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va Markaziy Osiyoda barqarorlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlash, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, SA+ formatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasida birgalikdagi sa’y-harakatlarning muhimligini ta’kidladilar.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar kengashlarining birinchi majlisi bayonnomasi imzolandi.
Tashrif davomida vazirlar UNESCO'ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ichanqal’a shahrining tarixiy markazi – Xiva shahrining madaniy obidalari hamda Xorazm milliy uy-joy qurilishining an’anaviy xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan Nurullaboy saroyida ham bo‘ldi.
“Ochiq osmon ostidagi ushbu muhtasham muzeyning qadimiy ko‘chalari bo‘ylab yurar ekanmiz, xalqlarimizni birlashtirib kelayotgan ajdodlarimizning boy madaniy-tarixiy merosiga guvoh bo‘lamiz. Xiva o‘zining betakror me’morchiligi, jo‘shqin ruhi bilan xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik mushtarak tarix va do‘stlik ramzidir.
Bizning qo‘shma ekskursiyamiz nafaqat diplomatiya, balki o‘zaro hamjihatlik va umumiy merosimizga hurmatni mustahkamlash yo‘lida ham chuqurlashib borayotgan hamkorlikni aks ettiradi”, deb yozdi Baxtiyor Saidov.