59 yoshli erkak ko‘p suv ichishi oqibatida vafot etdi
Salomatlik
−
20 mart
2384359 yoshli dublinlik Shon O’Donnelga shifoxonada oddiy tibbiy muolajadan so‘ng ko‘p suyuqlik ichish tavsiya qilingach, u “suv intoksikatsiyasi” tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu holat tibbiyotda giponatriyemiya deb nomlanadi. Shon O’Donnel Dublindagi Sent-Vinsent universiteti shifoxonasida oddiy tibbiy muolajadan o‘tgan. Operatsiya reja bo‘yicha o‘tgan, undan keyin unga ko‘p suv ichish tavsiya qilingan.
Biroq uning suv ichish miqdori shifokorlar tomonidan nazorat qilinmagan. Oqibatda u o‘sha kuni kechqurun soat 19:00 da vafot etgan.
Sud majlisida aytilishicha, haddan tashqari ko‘p suv ichishi oqibatida bemorning miyasi shishgan, undan keyin esa tutqanoq, yurak xuruji va oxir-oqibat o‘lim sodir bo‘lgan. Sent-Vinsent shifoxonasi o‘zining xatolarini tan olib O’Donnel oilasiga 35 000 yevro (479 717 000 so‘m) miqdorida moddiy zarar to‘lagan.
Nashrga ko‘ra, tana uchun yetarlicha suv ichish muhim bo‘lsa-da, ortiqcha va juda tez suv iste’mol qilish tanadagi natriy darajasining xavfli darajada pasayishiga olib kelishi mumkin. Natriy bu organizmdagi suv miqdorini tartibga soluvchi elektrolit hisoblanadi. Agar uning miqdori haddan tashqari kamayib ketsa, tanadagi hujayralarda va atrofida suv to‘plana boshlaydi, oqibatda ular shishadi. Bu ayniqsa miya uchun xavfli, chunki u bosh suyak ichida kengayish imkoniyatiga ega emas.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir soatda 1,4 litr suv ichish (taxminan 6 stakan) ushbu xavfli holatni yuzaga keltirish uchun yetarli bo‘lishi mumkin.
Giponatriyemiya qanchalik tez yuzaga kelishi har bir odamning sog‘lig‘i va individual xususiyatlariga bog‘liq. AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) bir soatda 1,4 litrdan ortiq suv ichmaslikni tavsiya qiladi. Oddiy sharoitda kuniga 2 litr (taxminan 8 stakan) suv ichish organizm uchun zarur sanaladi. Ammo tezda juda ko‘p miqdorda suv ichish o‘limga olib kelishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2007 yilda London marafonida 22 yoshli fitnes-instruktor Devid Rojers suvni ortiqcha ichib vafot etgan. 2003 yilda Indiana shtatida 35 yoshli ikki farzandning onasi Ashli Sammers 20 daqiqa ichida 2 litr suv ichib, giponatriyemiya tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Mashhur jang san’ati ustasi va aktyor Bryus Li 1973 yilda miya shishi oqibatida vafot etgan. Dastlab shifokorlar bunga og‘riq qoldiruvchi dorilar sabab bo‘lgan deb hisoblagan. Ammo keyinchalik tadqiqotchilar uning o‘limi ortiqcha suv iste’moli oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin degan fikrga kelgan.
LiveBarchasi