Qodirov Putinning asirlarni almashish qaroriga norozilik bildirdi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning fikricha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy asirlarni almashish Ukraina shartlari asosida amalga oshirilgan, chunki “jinoyatchilarni harbiy xizmatchilarga almashtirib bo‘lmaydi”.

“Kechagi almashinuvdan juda noroziman. Men terrorchi deb tan olingan jinoyatchilarni harbiy xizmatchilarga almashtirib bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Agar teng ayirboshlash bo‘lsa, tushunardim – harbiy xizmatchiga harbiy xizmatchi, agentga agent”, deb yozdi Qodirov Telegram’da.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada Ukraina Qurolli Kuchlarining asir olingan ko‘plab askarlari bor va agar 100 ta ukrain asiriga bitta rusni almashtirsa ham ortib qoladi.

“Bizda Ukraina Qurolli Kuchlarining ko‘plab asirlari bor, ularni kamida yuztasini bittaga almashtirish mumkin, shunda ham qoladi. Biz almashinuvni Ukraina shartlari bo‘yicha yakunladik. Bu “Azov” terrorchilaridan biri ham berilishi qabul qilinishi mumkin emas edi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 22 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi: Rossiya, tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalariga 55 nafar harbiy xizmatchi qaytarildi, 215 nafar harbiy xizmatchi Ukrainaga qaytdi, ular orasida “Azov” polkining qo‘mondonlari ham bor. Ukraina, o‘z navbatida, Viktor Medvedchukni ham Rossiyaga topshirdi.

Bundan oldinroq, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Samarqandda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvdan keyin Moskva va Kiyev 200 nafar asirni almashishga kelishib olganini ma’lum qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing