Qodirov Chechenistonda armiyaga safarbarlik 250 foiz bajarilgani bilan maqtandi
Olam
−
23 Sentabr 2022
9209Chechenistonda harbiy xizmatga chaqirish rejasi yangi harbiy qismlarning tashkil etilishi hisobiga 254 foizga ortig‘i bilan bajarilgan. Shuning uchun qisman safarbarlik Chechenistonda o‘tkazilmaydi. Bu haqda respublika rahbari Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida joylagan videolavhasida aytib o‘tdi.
“Payshanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan qisman safarbarlik doirasida Checheniston Respublikasi aholisini harbiy xizmatga chaqirish mavzusida yig‘ilish o‘tkazdim. Checheniston Respublikasida harbiy xizmatga chaqirish rejasi 254 foizga ortig‘i bilan bajarildi”, deb yozadi Qodirov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ko‘rsatkichlarga Rossiya Mudofaa vazirligining yangi bo‘linmalari tashkil etilishi tufayli erishilgan. Harbiy xizmatga da’vogarlarning barchasi Harbiy komissarlikdan o‘tgan. Checheniston hukumati bu mexanizmni boshidanoq, qisman safarbarlik e’lon qilinishidan oldin ishlab chiqqan.
Qodirovning qayd etishicha, respublikada zarurat tug‘ilganda armiyaga safiga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan minglab ko‘ngillilar zaxirasi mavjud.
"Shu bois, men Checheniston Respublikasi aholisini, xususan, sevimli va hurmatli onalarimizni xotirjamlikka chaqiraman", deydi Qodirov.
Avvalroq Ramzan Qodirov Rossiya va Ukraina o‘rtasida asirlar almashilganidan noroziligini bildirgandi. U almashinuv Ukraina shartlari asosida bo‘lganini tanqid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Prezident Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra birinchi bosqichda 300 ming Rossiya fuqarosi frontga yuboriladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi