Qodirov chechen jangchilari ortga qaytganini ma’lum qildi 

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Ukraina sharqidagi Lugansk viloyati bosib olinganidan keyin mintaqaga qaytgan “Axmat” maxsus kuchlari qo‘mondonlari va jangchilari bilan uchrashdi. Bu haqda Qodirovning o‘zi Telegram sahifasida ma’lum qilgan. 

“Kecha, 6 iyul kuni shaxsiy tarkibdagi qo‘mondonlar va jangchilar bilan tantanali ravishda uchrashdim. O‘zim va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nomidan o‘z burchini sharaf bilan bajargan harbiylarimizga samimiy minnatdorlik so‘zlarini yetkazdim”, deb yozadi u.

Rossiya Prezidentining farmoniga muvofiq, Qodirov Ilman Guchigov va Jamaldi Yunusovga “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ikkinchi darajali medallarini topshirgan. Tegishli mukofotni Alixon Shovxalov militsiya polkovnigi pogoni bilan birga olgan. Sulton Rashayev “Jasorat uchun” medali bilan taqdirlangan.

Bundan tashqari, ba’zi qo‘mondonlar va jangchilarga Checheniston Respublikasining yuqori mukofotlari va unvonlari topshirilgan. 

"Harbiylarimiz maxsus operatsiya davomida ulkan yutuqlarga erishdi. Shu tariqa ular chechen xalqining shonli Vatanimiz – Rossiyadan izolyatsiya qilingani haqidagi har qanday taxminlarga chek qo‘yishdi", deb yozgan Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 iyul kuni Checheniston rahbari Ukraina sharqidagi Lisichansk shahri to‘liq bosib olinganini ma’lum qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

73

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing