Qirg‘izistonda deputatlar yana bir bor Bosh vazir va Hukumat tarkibini tasdiqladi

Olam

image

Bugun, 14 oktyabr kuni Qirg‘iziston Jo‘qorg‘u Keneshi deputatlari uchinchi marta Sadir Japarov nomzodini mamlakat Bosh vaziri lavozimiga tasdiqladi. 

Parlament yangi Hukumat tarkibi va dasturini ham tasdiqladi. Parlament qarori tasdiqlash uchun Prezidentga yuborildi. Hukumat tarkibi:

•    Artem Novikov - Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari
•    Ravshan Sobirov - Bosh vazir o‘rinbosari
•    Maqsat Mamitkanov - Bosh vazir o‘rinbosari
•    Aida Ismoilova - Bosh vazir o‘rinbosari
•    Baqtibek Amanbayev - Hukumat apparati rahbari
•    Sanjar Mukanbetov - Iqtisodiyot vaziri
•    Kiyalbek Mukashev - Moliya vaziri
•    Erkinbek Choduyev - Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vaziri
•    Baqit Berdaliyev - transport va yo‘llar vaziri
•    Marat Jamankulov - Adliya vaziri
•    Ruslan Kazakbayev - Tashqi ishlar vaziri
•    Ulan Niyozbekov - Ichki ishlar vaziri
•    Boobek Ajikeyev - Favqulodda vaziyatlar vaziri
•    Alimqodir Beishenaliyev - Sog‘liqni saqlash vaziri
•    Almazbek Beyshenaliyev - Ta’lim va fan vaziri
•    Ulukbek Qo‘chqorov - Mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri
•    Nurjigit Qodirbekov - Madaniyat, axborot va turizm vaziri
•    Jirgalbek Sog‘inboyev - Sanoat, energetika va er osti boyliklaridan foydalanish davlat qo‘mitasi raisi
•    Oltinbek Ismoilov - Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi

Ma’lumot uchun, 6 oktyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti Sadir Japarov nomzodini iste’foga chiqqan Bosh vazir Kubatbek Boronov o‘rniga tasdiqlagandi. Biroq u vaqtlarda bu tayinlovni tasdiqlovchi Prezident Sooronbay Jeenbekov qayerda ekani noma’lum bo‘lib qolgandi. Keyinroq bu lavozimga da’vogarlar ham ko‘paydi.

10 oktyabr kuni deputatlar Sadir Japarov nomzodini yana Bosh vazir lavozimiga tasdiqladi. Biroq bu safar parlament yig‘ilishi kerakli tartibda o‘tkazilmagani va undagi qarorlar qonuniy kuchga ega emasligi sababli, tayinlov amalga oshmagandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Keyinroq parlamentga Kanat Isayev spiker etib saylandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.

Jeenbekov vaziyatni izga solish uchun 9 oktyabr kuni Bishkekda favqulodda holat e’lon qildi. Keyinroq bu rejim yana uzaytirildi. Harbiylarning Bishkekka kirishi natijasida namoyishlar va talonchiliklar to‘xtadi.


Maqola muallifi

Teglar

Sadir Japarov

Baholaganlar

66

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing