Isroil Zelenskiyga taslim bo‘lib, Putinga bosh egishni taklif qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Isroil Bosh vaziri Naftali Bennet Moskva va Kiyev o‘rtasidagi vositachilik sa’y-harakatlari doirasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning talablarini yetkazdi va “qon to‘kilishining oldini olish uchun Kreml qo‘yayotgan vazifalarni bajarishni taklif qildi. 

Rossiya davlat rahbari talablari orasida Ukraina Rossiyaning Qrimni anneksiya qilganini tan olishi, Donetsk va Lugansk muxtoriyati maqomi, Kiyevning Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish orqali NATOga qo‘shilmaslik majburiyatini olish kabi bandlar bor. Bu haqda Haaretz gazetasi va Walla veb-sayti yozmoqda. 

Ukrainaning yuqori martabali mulozimining Isroil matbuotiga aytishicha, Bennet Zelenskiyni Putinning taklifini qabul qilishga undagan: 

“Agar men sizning o‘rningizda bo‘lganimda, xalqimning hayoti haqida o‘ylab, taklifni qabul qilgan bo‘lardim”. 

Bunga javoban Ukraina davlat rahbari Bennettga “uni tushunganini” aytdi. 

"Bennet bizga taslim bo‘lishni taklif qildi. Bizning bunday niyatimiz yo‘q. Biz bilamizki, Putinning taklifi faqat boshlanishdir”, deb yozadi Walla Ukraina rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda.

Zelenskiy Bennetning vositachilik harakatlaridan qoniqish hosil qilmaganidan, ikki tomon o‘rtasidagi xabarning uzatilishi vositachilik deb hisoblanmasligidan shikoyat qildi. 

“Isroil rahbari yechim topmadi”, deydi Zelenskiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Naftali Bennet

Baholaganlar

88

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing