Isroil elchisi Qozog‘iston TIVga Al-Aqso masjididagi to‘qnashuv bo‘yicha izoh berdi

Olam

image

Isroilning Qozog‘istondagi elchisi Edvin Yabo Glusman Quddusdagi Al-Aqso masjidida yaqinda sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar bo‘yicha Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga izoh berdi. Bu haqda “Sputnik Kazaxstan” xabar qildi

Elchining ta’kidlashicha, to‘qnashuvlar ortida diniy bayramlar oldidan Yaqin Sharqdagi vaziyatni beqarorlashtirmoqchi bo‘lgan HAMAS harakati turibdi. 

“Keskinlik Fisih bayramidan oldin boshlangan. 300 ga yaqin yoshlar Quddusdagi eng yirik masjid bo‘lgan Al-Aqsoni egallab oldi. Ular o‘zlari bilan toshlar, to‘mtoq buyumlar, armatura olib keldi va ichkaridan qulflanib oldi. Ertalab soat 4-5 larda, ularni tashqariga chiqishga ishontirishga urinib ko‘rilgach, politsiya chaqirildi, keyin ular keyingi ibodatga kelganlarga Al-Aqsoni bo‘shatish uchun tegishli tergov muassasasiga joylashtirildi. Bizda bu harakat HAMAS va shunga o‘xshash Islomiy tashkilotlar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanganiga shubha yo‘q”, deydi Edvin Yabo Glusman. 

Elchining aytishicha, bu tashkilotlarning haqiqiy Islom bilan hech qanday aloqasi yo‘q, zero Islom zo‘ravonlikni talab qilmaydi.

Edvin Yabo Glusmanning so‘zlariga ko‘ra, masjidda sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng tinch aholiga hujumlar uyushtirilgan va oqibatda Londonda tug‘ilgan ikki isroillik ayol va Italiya fuqarosi o‘ldirilgan, shuningdek, Isroil hududiga G‘azo sektori, Livan va Suriya hududlaridan raketalar uchirilgan.

“Biz matbuotda ushbu vaziyatni aks ettiruvchi ba’zi maqolalar paydo bo‘lganiga guvoh bo‘ldik. Ammo, bilasizmi, men ushbu maqolalarning mazmuni bilan tanishganimda, vaziyat noto‘g‘ri talqin etilgani va tushunmovchiliklar bo‘lganini his qildim. Men Qozog‘iston Respublikasi rahbariyati bilan bog‘lanib, Qozog‘istonda sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan aniq tushuncha mavjudligiga ishonch hosil qildim. Quddus masalasi hamma uchun juda muhim bo‘lib qolayotganini tushunaman. Ammo ba’zida qarama-qarshi tomon ataylab muayyan choralarni ko‘rayotganini va mojaroni kuchaytirayotganini tushunish juda qiyin. Bularning barchasi qarama-qarshilikning kuchayishiga olib keladi”, dedi Isroilning Qozog‘istondagi elchisi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroil hukumati musulmonlarning e’tiqod erkinligiga to‘sqinlik qilmaydi va barcha dinlarning vakillari o‘zlarining diniy ziyoratgohlaridan foydalanishlari mumkin.

“Kelishuvga erisholmaganimizdan juda ranjidim. Biz bu kelishuvdan tom ma’noda millimetrlar uzoqlikda edik. Lekin men optimizmni saqlayman. Biz Ibrohimning avlodlarimiz, biz genetik jihatdan falastinliklarga juda yaqinmiz. Shuning uchun tinchlikka erishishdan boshqa hech qanday yo‘l yo‘q”, deya so‘zini yakunlaydi Edvin Yabo Glusman.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 mart kuni falastinlik 26 yoshli yigit Isroil harbiylarining hujumiga uchragan ayolni himoya qilishga uringanida otib o‘ldirilgan edi. 5 aprel kuni esa Isroil xavfsizlik kuchlari Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, u yerdagi falastinliklarga shovqinli granatalar, zaharli gaz, rezina o‘qlar va boshqa vositalar yordamida hujum qildi. Oqibatda o‘nlab falastinliklar jarohat olgandi. Ushbu harakat ko‘plab norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi. 6 aprel kuni esa Livan hududidan Isroilga qarshi raketa zarbalari berildi. Bunga javoban Isroil HAMAS harakatining G‘azo sektoridagi o‘quv bazasi va harbiy postlariga hujum qildi. Shundan so‘ng, Livan hududiga ham hujum uyushtirildi.  

Yevropa Ittifoqi Isroildagi hujumlarni qoralab, tomonlarni vazmin bo‘lishga chaqirgan bo‘lsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an eronlik hamkasbi Ibrohim Raisiyni Isroilga qarshi birlashishga chaqirgandi. Qozog‘iston Yaqin Sharqda keskinlik kuchayganidan xavotir bildirgan, “Tolibon” esa falastinliklarga qilingan hujumni qoralagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Al-Aqso Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing